Neft-gaz sohasini rivojlantirish boʻyicha “SOCAR” kompaniyasining tajribasi oʻrganildi

    Energetika 22 Sentabr 2022 1740

    “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislaridan iborat delegatsiya quduqlarni kapital taʼmirlashning yangi texnologiyalarini qoʻllash borasida tajriba almashish va risk-servis shartlari asosida uglevodorod qazib olishni koʻpaytirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda “SOCAR” tajribasini oʻrganish uchun Ozarbayjon Respublikasiga tashrif buyurdi.

    Ushbu tashrif “Oʻzbekneftgaz” AJ va “SOCAR” kompaniyalari oʻrtasidagi neft va gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan 2022-yil 5-iyuldagi “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq amalga oshirildi.

    Delegatsiya aʼzolari “SOCAR” kompaniyasining konlarni ishlatish boʻyicha vitse-prezidenti Yashar Lyatifov va kompaniya menejmentlari bilan muzokaralar olib bordi. Unda “Yoʻl xarita”sini amalga oshirish doirasida manfaatdor tomonlarni qiziqtirgan masalalar muhokama etildi.

    Delegatsiya ishchi tashrif dasturi doirasida “SOCAR Upstream” shoʻba korxonasining “risk-servis” shartlari va mahsulotlarni taqsimlash boʻyicha kelishuvlar asosida uglevodorod qazib chiqarishni koʻpaytirish loyihalarini amalga oshirish tajribasi bilan ham tanishdi.

    Shuningdek, “NIPI Neftegaz SOCAR” da quduqlarni kapital taʼmirlash masalalari muhokama qilindi va “NIPI Neftegaz SOCAR” tomonidan ishlab chiqilgan va Ozarbayjon Respublikasining konlarida muvaffaqiyatli joriy etilgan quduqlarning uskunalari boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.

    Tashrif kun tartibiga koʻra, “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislari “Binagadi Oil Company”, “Salyan Oil Ltd.” va “Shirvan Operating Company LTD” operatsion kompaniyalari faoliyatining natijalari boʻyicha taqdimotlar bilan tanishdi, ishlatish quvurini butligini tiklash boʻyicha olib borilayotgan kapital taʼmirlash ishlari bilan tanishish maqsadida “Kyursyangi” konining 677-sonli qudugʻida ham boʻldi.

    Bundan tashqari, “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislari “Azneft” ICHBda quduqlarni taʼmirlashni rejalashtirish, neft va gaz unumdorligini oshirish usullari va izolyatsiya ishlarini koʻrdi, “NIPI Neftegaz SOCAR”ga qarashli tajribali-sinov ishlab chiqarish bazasi faoliyati bilan ham tanishdi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislari tomonidan “SOCAR” kompaniyasi tajribasini oʻrganish natijasida, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasining quduqlarida “NIPI Neftegaz SOCAR”ning suv oqimini izolyatsiya qilish texnologiyasini tajriba-sinovdan oʻtkazishni rejalashtirgan. Bundan tashqari “Oʻzneftgazquduqtaʼmirlash” AJning “NIPI Neftegaz SOCAR” muhandislik-texnik yordami bilan umumlashtirilgan uskunalarni bir bosqichli ishga tushirish texnologiyasidan foydalangan holda quduqni yonlanma ikkinchi oʻzanini burgʻilash boʻyicha tajriba sinov ishlarini tashkil etish ham koʻzlangan.

    “SOCAR” kompaniyasi mahsulotlarni taqsimlash boʻyicha kelishuvlar va “risk-servis” shartlari boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda katta tajribaga ega ekanligini inobatga olgan holda, “Oʻzbekneftgaz” AJda kelgusida joriy etish uchun tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish va 25 ta konda uglevodorod qazib chiqarishni koʻpaytirish loyihalariga pudratchilarni jalb qilish boʻyicha oʻtkaziladigan tanlov savdolariga “SOCAR” va “GL Ltd.” LLC kompaniyalarini taklif etish rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.