Neft bozoridagi asosiy omillardan biri Hormuz bo‘g‘ozining uzoq vaqt yopilishi ehtimoli haqidagi xavotirlardir, deb yozadi DW.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi va Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi fonida neft narxi 2022 yildan beri birinchi marta 100 dollardan oshdi. Reuters agentligining xabar berishicha, 9 mart, dushanba kuni savdo boshlanishida Yevropada etalon bo‘lgan Brent xom neftining fyucherslari taxminan 20% ga o‘sib, bir barrel uchun (159 litr) 111,04 dollarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, AQSHning West Texas Intermediate (WTI) xom neftining fyucherslari 16,8% ga o‘sib, 106,17 dollarni tashkil etdi. Avvalroq, savdo davomida narx 111,24 dollarga ko‘tarilgan edi.
6 mart, juma kuni may oyida yetkazib beriladigan Brent markali neftning narxi 2024 yil aprelidan beri birinchi marta 90 dollardan oshdi. Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlanishidan oldin, ya’ni 28 fevralgacha neft taxminan 70 dollardan sotilgan edi.
Hormuz bo‘g‘ozi uzoq vaqtga yopilishi mumkinmi?
Neft bozori uchun asosiy tahdidlardan biri bu Hormuz bo‘g‘ozining uzoq muddatli yopilishi xavfidir. Tinchlik davrida dunyo neftining qariyb 20 foizi shu bo‘g‘oz orqali tashiladi. Bu, shuningdek, ayniqsa Qatardan suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berish uchun strategik ahamiyatga ega.
Jahon neft bozoridagi keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda, Skott Bessent 6 mart kuni AQSH hukumati allaqachon tankerlarga yuklangan Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni yumshatishni ko‘rib chiqayotganini e’lon qildi.
Shu kuni AQSH Hindiston neftni qayta ishlash zavodlarini allaqachon tankerlarga yuklangan Rossiya neftini sotib olishga qo‘yilgan 30 kunlik taqiqdan ozod qilishga qaror qildi. Ushbu chora jahon bozoriga neft yetkazib berishni davom ettirish maqsadida ko‘rildi.
Eron neft infratuzilmasiga havo hujumlari
7 mart kuni Isroil Eron neft infratuzilmasiga birinchi havo hujumini amalga oshirdi. Hujum Tehron va uning atrofidagi beshta energetika obyektiga qaratilgan edi.
Bunga javoban Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Fors ko‘rfazidagi neft obyektlariga zarba berishi mumkinligi haqida ogohlantirdi, deb xabar berdi oz.inform.kz.
— Agar siz neft narxining bir barrel uchun 200 dollardan yuqori bo‘lishiga chiday olsangiz, unda bu o‘yinni davom ettiring, deya The Guardian gazetasi tashkilot vakilining so‘zlaridan iqtibos keltirdi.