Muzokaralar davomida tomonlar avval erishilgan kelishuvlar va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalani amalga oshirish jarayoni koʻrib chiqildi. Kompaniyalar oʻrtasida oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuvda Buxoro neftni qayta ishlash zavodining “Petronas Charigali (Turkmaniston) Sdn Bxd” kompaniyasining ishlab chiqarish korxonalari bilan oʻzaro munosabatlari istiqbollari muhokama etildi. Zavodga neft xom-ashyosi importi borasida uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar 2023-yilda Turkmanistondan Oʻzbekiston Respublikasiga neft yetkazib berish dasturini birgalikda tayyorlash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: “Petronas Charigali (Turkmaniston) Sdn Bxd” kompaniyasi Kaspiy dengizining Turkman shelfida neft va gaz qazib olish operatorlaridan biri hisoblanadi. Malayziyaning toʻliq integratsiyalashgan neft-gaz transmilliy kompaniyasi Petronasning shoʻba korxonasi boʻlib, u ishlab chiqarish hajmi boʻyicha dunyodagi yetakchi neft va gaz kompaniyalaridan biri hisoblanadi.