Neft va gaz fakulteti oʻquv-amaliyot poligoni faoliyatini boshladi

    “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ rahbari Sh.Aslanov Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti “Faxriy professori” unvoni bilan taqdirlandi.

    Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida “Neft va gaz sanoatida zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar” mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi. Mazkur nufuzli tadbir avvalida institutning neft va gaz fakulteti oʻquv-amaliyot poligonining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Anjumanning ikkinchi qismi fakultetdagi anjumanlar zalida davom etdi. Tadbirda soʻzga chiqqan intitut rektori O.Bazarov, institutning sobiq talabalari - Qarshi shahar hokimi N.Xolboyev hamda “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ rahbari Sh.Aslanov bugungi konferensiyadan koʻzlangan maqsad, institut va yirik korxonalar oʻrtasida oʻrnatilgan hamkorlik natijalari, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash borasida qilinayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida soʻzlab berishdi.

    Shuningdek, zahira kadrlarni shakllantirish maqsadida “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ tomonidan oʻtkazilgan stipendiyalar tanlovida ishtirok etib, gʻolib boʻlgan talabalarga maxsus sertifikatlar topshirildi. MCHJ rahbari Sh.Aslanov Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti Faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi.

    Tadbir davomida hokim fakultet talabalari bilan uchrashdi, oʻquv-mashgʻulot xonalari va ulardagi sharoitlar bilan tanishdi.

    – Institutda yaxshi oʻqigan talaba, ertaga biror korxonaning kerakli xodimi boʻladi, – deydi N.Xolboyev. – Bunday xodimlarga esa doimo talab yuqori. Negaki, faqatgina bilimli va iqtidorli xodimlar bilan olgʻa borish mumkin.

    Ilmiy-amaliy anjumanda institut professor-oʻqituvchilari, neft va gaz sohasida faoliyat olib borayotgan respublikamizdagi korxona va tashkilotlarning masʼullari va boshqa oliy oʻquv yurtlari olimlarining tizim boʻyicha olib borayotgan ilmiy va amaliy yangiliklari, muammo, kamchilik va yutuqlar haqida tayyorlagan maʼruzalari tinglandi.

    Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti axborot xizmati