Ushbu qaror bilan Taʼlim klasterining tuzilmasi, Taʼlim klasteri faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibi, 2022-2023-yillarda Taʼlim klasterini kompleks rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” hamda Taʼlim klasterini 2026-yilga qadar rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlangan edi.
Tayim klasteri tarkibiga Ishlab chiqarish korxonalaridan – Uzbekistan GTL, Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi; taʼlim tashkilotlaridan – Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Buxoro neft va gaz sanoati kolleji, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab va Gʻuzor tumanidagi 68-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi; ilmiy-tadqiqot muassasalaridan – “OʻzLITIneftgaz” AJ, Umumiy va noorganik kimyo instituti hamda Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti; kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tashkilotlaridan esa – “UNG training” MCHJ kiritildi.
Taʼlim klasteri doirasida quyidagilar amalga oshirilishi belgilandi:
a) maktab oʻquvchilarini ishlab chiqarish korxonalari uchun ustuvor boʻlgan kasblarga yoʻnaltirish maqsadida:
➖ aniq va tabiiy fanlar boʻyicha variativ (ixtisoslashtirilgan) oʻquv rejasini ishlab chiqiladi hamda ushbu reja umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari faoliyatiga joriy qilinadi;
➖ishlab chiqarish va oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan maktab oʻquvchilari uchun ekskursiyalar hamda soha faxriylari bilan uchrashuvlar tashkil etib boriladi;
➖ Taʼlim klasteri ishtirokchilari mablagʻlari hisobidan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining texnologiya fani ustaxonalari qayta jihozlanadi va ushbu fan doirasida oʻquvchilarga ishlab chiqarish korxonalari uchun ustuvor boʻlgan kasblar boʻyicha boshlangʻich bilim berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
b) professional va oliy taʼlim tashkilotlarining oʻquv jarayonini ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan integratsiya qilish yoʻnalishida:
➖ taʼlim tashkilotlarining oʻquv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqarish korxonalarining talablari asosida qayta koʻrib chiqiladi hamda ulardagi fan va mavzular amaliyotga yoʻnaltiriladi;
➖ taʼlim tashkilotlarining oʻquv rejalaridagi fanlar soni nomutaxassislik fanlar hisobiga bosqichma-bosqich kamaytiriladi hamda talabalarda mustaqil taʼlim olish koʻnikmalari shakllantiriladi;
➖ oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha xorijiy tillarda oʻqitiladigan mutaxassislik fanlari ulushi oshiradi;
➖ taʼlim tashkilotlari uchun xorijiy adabiyotlar xarid qilinadi hamda ularning axborot-resurs markazi fondlari muntazam ravishda yangilab boriladi;
➖ taʼlim tashkilotlari talabalarining malakaviy amaliyoti va professor-oʻqituvchilarining stajirovkasini ishlab chiqarish korxonalarida oʻtkazish uchun ularga zarur shart-sharoitlarni yaratib beriladi;
➖ professional va oliy taʼlim tashkilotlarining talabalariga ishlab chiqarish korxonalarining malakali va tajribali xodimlari amaliyot rahbari etib biriktiriladi;
➖ har yili professional va oliy taʼlim tashkilotlarining kamida 700 nafar talabasi ishlab chiqarish korxonalariga malakaviy amaliyotga jalb qilinadi.
v) neft va gaz sohasida ilm-fanni rivojlantirish maqsadida:
➖ ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining yuqori malakali professor-oʻqituvchi va mutaxassislari ishlab chiqarish korxonalari doktorantlari va mustaqil tadqiqotchilariga ilmiy maslahatchi sifatida biriktiradi;
➖ Taʼlim klasteri ishtirokchilari mablagʻlari hisobidan har yili neft va gazni chuqur qayta ishlash orqali yangi mahsulotlar olish boʻyicha kamida 5 ta ilmiy tajriba oʻtkaziladi;
➖ har yili ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining kamida 30 nafar ilmiy-pedagog xodimi ishlab chiqarish korxonalariga stajirovka va amaliyot oʻtashga jalb qilib boriladi;
➖ bitiruv malakaviy ishlar, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari mavzulari ishlab chiqarish korxonalaridagi muammolar asosida shakllantiriladi;
➖ ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining xodimlariga ularning ilmiy va innovatsion loyihalarini tijoratlashtirishda koʻmak beriladi.
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Taʼlim klasteri tarkibiga kiruvchi:
➖ professional va oliy taʼlim tashkilotlarida neft va gaz sohasi boʻyicha tahsil olayotgan iqtidorli oʻquvchilar va talabalar uchun ishlab chiqarish korxonalarining stipendiyalari joriy etiladi;
➖ ishlab chiqarish korxonalarining kamida 5 yil ish stajiga ega xodimlarini “Oʻzbekneftgaz” AJning tavsiyanomasi asosida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, keyinchalik oʻzi faoliyat yuritib turgan korxonada kamida uch yil ishlab berish sharti bilan oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida maqsadli oʻqitish tartibi joriy etiladi;
➖ ishlab chiqarish korxonalarida malakaviy amaliyot va stajirovka oʻtayotgan talabalar, professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar shaxsiy himoya vositalari, vaqtinchalik turarjoy, uch mahal issiq ovqat va ishlab chiqarish korxonalari hududida transport vositasi bilan bepul taʼminlanadi;
➖ ishlab chiqarish korxonalarining rahbar kadrlari va xodimlari uchun Davlat boshqaruvi akademiyasi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutida malaka oshirish kurslari, shu jumladan onlayn tarzda tashkil etiladi. Bunda, malaka oshirish kurslarini bitirgan mutaxassislar belgilangan tartibda kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
Taʼlim klasteridan kelgusi 5 yilda quyidagi natijalar kutiladi:
a) 220 nafardan ortiq professor-oʻqituvchi va tadqiqotchilar, 3 mingdan ortiq talaba va magistrlarning ishlab chiqarish korxonalarida stajirovkasi va amaliyoti tashkil etiladi;
b) 70 nafardan ortiq professor-oʻqituvchilar xorijiy mamlakatlarga malaka oshirishga yuboriladi;
v) 150 nafardan ortiq xodimlarning bakalavriatda, 100 nafardan ortigʻi – magistraturada tahsil olishiga jalb etiladi;
g) ishlab chiqarish korxonalarining 20 nafardan ortiq mutaxassislarining ilmiy daraja olishi taʼminlanadi;
d) oliygohlarda 10 ga yaqin oʻquv laboratoriyalar, simulyatsion xonalar va trenajyorlar tashkil etiladi;
ye) amaliyotchi mutaxassislar bilan hamkorlikda 30 tadan ortiq darslik, oʻquv qoʻllanma va boshqa adabiyotlar nashr etiladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Taʼkidlash joizki, Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 25-dekabrda “Uzbekistan GTL” zavodining ochilishi va Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi quvvatlarini kengaytirishga bagʻishlangan tadbirda neft va gaz sohasida taʼlim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish boʻyicha topshiriq berilgan edi.