Pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlimlari tomonidan davlat pensiyalarini tayinlashda taqdim etilayotgan ish staji va ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarning haqqoniyligini oʻrganish jarayonida «Oʻzarxiv» agentligi tasarrufidagi ayrim arxiv idoralari tomonidan ishonchsiz maʼlumotlar taqdim etilayotganligi holatlari aniqlanmoqda.
Jumladan, Pensiya jamgʻarmasi Surxondaryo viloyatining oʻzida joriy yilda oʻtkazilgan oʻrganishlarda, Surxondaryo viloyati Sherobod tumani shaxsiy tarkib hujjatlari Davlat arxivi tomonidan mazkur arxiv fondi saqlovida boʻlgan kitoblarda ayrim fuqarolarning ish haqi va ish staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlari shubha uygʻotib, qayta oʻrganilganda ushbu tumanda yashovchi fuqaro B.K.ga 1995-2004-yillarda ishlaganligi haqidagi 04.11.2020-yildagi ish haqi maʼlumotnomasi arxiv fondida saqlanayotgan birlamchi hujjatlar bilan solishtirilganda, fuqaro B.K.ning ismi-sharifi kitobning oxirgi qatorlariga boshqa siyohli ruchkada qoʻshimcha ravishda qoʻshib qoʻyilganligi maʼlum boʻldi.
Xuddi shuningdek, Sherobod tumani Davlat arxivi tomonidan shu tumanda yashovchi fuqaro Ch.D.ga, Termiz shahrida yashovchi fuqaro M.S.ga, Qiziriq tumanida yashovchi fuqaro S.J.ga va Angor tumanida yashovchi fuqaro K.T.larga ham arxiv fondida saqlanayotgan tugatilgan yoki arxiv fondiga hujjat taqdim qilgan boshqa korxona va tashkilotlarning ish haqi hisoblash kitoblarining oxirgi qatorlariga boshqa ruchka va boshqa yozuvlar bilan qoʻshib yozilgan arxiv maʼlumotnomalari taqdim qilinganligi aniqlangan.
Yuqorida nomlari keltirilgan fuqarolar tomonidan Sherobod tumani Davlat arxividan asossiz yozib berilgan maʼlumotnomalar asosida pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilishgan boʻlib, Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlarining Pensiya va nafaqalarni tayinlash komissiyalari tomonidan shubhali deb qaralgan mazkur maʼlumotnomalar joyiga borib, birlamchi hujjatlar asosida solishtirishlardan oʻtkazilgan va ularning ish staji hamda ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarining asossiz ekanligi aniqlangan holda, hisobga olinmasdan, pensiya tayinlash rad etilgan.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan va shu kunlarda aniqlanayotgan holatlar Pensiya jamgʻarmasining masʼullari tomonidan tahlil qilinib, huquqiy baho berish maqsadida toʻplangan oʻranish materiallari huquqni muhofaza qilish idoralariga oʻtkazildi.
Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, Pensiya jamgʻarmasining pensiya taʼminoti uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlaridan maqsadli foydalanish Pensiya jamgʻarmasi sohasida ishlovchi har bir xodimning eng asosiy vazifalaridan biri hisoblanib, bu borada soha xodimlari tomonidan monitoring va tahlil ishlari doimiy ravishda olib borilayotganligini unutmaslik lozim.
Shuning uchun, mamlakatimizdagi har bir fuqaro halol mehnatlari orqasidan pensiya olishga intilishlari zarurdir!