Nega mahalla idorasi oʻz xodimlariga taʼtil pullarini bermadi?

    Shunday bir paytda yashayapmizki, odamlar muammolari “mahalla yettiligi”dan koʻchaga chiqmayapti.

    Qanaqa murojaat boʻlsa ham, ishsizmi, kreditmi, subsidiya olishmi, yoshlar bandligi, mehnat va oilaviy munosabatlardagi kelishmovchiliklarmi, yoʻqolgan hujjatlarni tiklashmi bari-bari mahalla eshigida hal boʻlmoqda.

    Aslida bu toʻgʻri ham, buni vaqt isbotladi. Avvallari fuqarolar bitta murojaat uchun tegishli tashkilotni izlab yurardi. Endi esa shundoqqina uyi atrofidagi mahallaga borib, onlayn mahalla platformasiga bitta ariza tashlasa boʻlgani... Bu esa ish bitdi degani!

    Ammo, mahallani oʻzi yordamga muhtoj boʻlsachi? Masalan, mahalla xodimlarining mehnatga haq toʻlashdagi huquqini tiklay olmayotganini qanday tushunsa boʻladi? Bu “etikka yolchimayotgan etikdoʻz” holatini anglatmaydimi? Afsuski, shunday.

    Navoiy shahar adliya boʻlimiga iymanibgina kelib ariza tashlagan mahalla xodimlarini tushungandek boʻldik. Kim ham oʻz “dasturxoni”dan noligisi keladi, yana kamiga oʻsha tashkilotda ishlab turgan boʻlsa..

    Ammo, mehnat taʼtili pullari toʻlab berilmaganlik sababi xodimlarni adliya idoralariga murojaat qilishga baribir undadi. Adliya xodimlari esa yil davomida ishlagan mahalla xodimlarining qonunchilikda belgilangan huquqlarini sud orqali tiklashga muvaffaq boʻldi.

    Fuqarolik ishlari boʻyicha Karmana tumanlararo sudiga Navoiy shahar adliya boʻlimi Navoiy shahridagi “Oʻzbekiston” mahalla fuqarolari yigʻini raisi Dilnoza Qurbonova manfaatida daʼvo ariza kiritdi. Mazkur ish boʻyicha sud mavjud hujjat va dalillarni atroflicha oʻrgandi va qaror qabul qildi. Javobgar Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Navoiy shahar boʻlimiga nisbatan mehnat taʼtilini undirish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi qanoatlantirildi. Sud qaroriga koʻra, “Oʻzbekiston” mahalla fuqarolari yigʻini raisi Dilnoza Qurbonovaga yillik mehnat taʼtili uchun toʻlanmasdan qolgan 5.925.718 soʻm ish haqi undirilishi belgilandi.

    Xuddi shunday murojaat Navoiy shahar “Yangiariq” mahalla fuqarolari yigʻini raisi Abusaid Mavlonov tomonidan Navoiy shahar adliya boʻlimiga qoldirilgan. Bunda ham daʼvogar Navoiy shahar adliya boʻlimining Abusaid Mavlonov manfaatida javobgar Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Navoiy shahar boʻlimiga nisbatan yillik mehnat taʼtili uchun ish haqi undirish haqidagi daʼvo arizasi ham qanoatlantirildi. Javobgar Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Navoiy shahar boʻlimidan Abusaid Mavlonovning foydasiga yillik mehnat taʼtili uchun 5.808.600 soʻm miqdoridagi pul undiriladigan boʻldi.

    Xoʻsh, nega Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Navoiy shahar boʻlimi oʻz xodimlarining yillik mehnat taʼtili uchun toʻlovlarni berishda bunday xatolikka yoʻl qoʻygan. Murojaatlar oʻrganilishida aniqlandiki, Navoiy shahar Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tugatilib, MFY raislari yangidan tashkil etilgan tashkilot Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Navoiy shahar boʻlimiga qabul qilingan. Har ikkala mahalla raislariga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 233-moddasiga koʻra, har yilgi mehnat taʼtilida boʻlgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan oʻrtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi. Yangi tashkilot esa MFY raislariga yillik mehnat taʼtiliga chiqqan davri uchun ish haqi toʻlovlarini toʻlab berishga mablagʻlarni smetaga rejalashtirmaganlik vajini keltirdi. Natijada mahalla xodimlariga “otpuska” pullari toʻlovlarini amalga oshirilishning imkoni boʻlmagan. Xulosa shuki, haq-huquqingizni andisha tufayli boy bermang.

    Shirinbek Ochilov,

    Navoiy shahar adliya boʻlimi bosh maslahatchisi