Nemis ishbilarmonlari Olmaliqda

    Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida bir necha yillardan buyon rivojlanib borayotgan oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalari doirasida olmon kompaniyalari va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham faol hamkorlik qilib kelyapti.

    Bugun ushbu hamkorlik aloqalari doirasida kombinatga Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, doktor Tilo Klinner boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

    Tashrif davomida Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyo hududidagi vakilligi hamda nemis ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari kombinat tarkibiy boʻlinmalari, jumladan, Qalmoqqir va Yoshlik-1 konlaridagi texnologik jarayonlar hamda yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi bilan tanishdi. Mehmonlar kombinatda mahalliylashtirish dasturining bosh ijrochisi boʻlgan Markaziy taʼmirlash mexanika zavodida amalga oshirilayotgan ishlarni ham koʻzda kechirdi.

    Bundan tashqari, kombinat rahbariyati bilan nemis delegatsiyasi oʻrtasida kelgusidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, hamkorlik aloqalari doirasida 2022-yilda Samarqandda boʻlib oʻtgan xalqaro iqtisodiy forumda Germaniyaning BASF konserni, Helaba banki, “Menzel”, Takraf GmbH“ kabi kompaniyalari bilan bir qator manfaatli shartnomalar imzolangan. Shuningdek, Chirchiq shahrida kombinat va Germaniya davlati bilan hamkorlikda “Deutsche IT-AGMK” qoʻshma korxonasi ham tashkil etilgan.

    Bundan tashqari, joriy yilda yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi uchun Germaniyaning AUMUND Fördertechnik kompaniyasi tomonidan 54 dona zanjir tasmali plastinasimon konveyer lentalari yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

    - Bugun yana Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurdik. Delegatsiyamiz tarkibida yirik korxona vakillari borligidan ham ularning kombinatga qiziqishi balandligini anglash qiyin emas. Biz kombinat bilan uzoq yillardan buyon manfaatli hamkorlik qilib kelayapmiz va bu hamkorlik rishtalarini kelgusida ham davom ettiramiz. Oʻylanmanki, bugungi tashrif ham har ikki tomon uchun foydali boʻldi. Ishbilarmonlarimiz kombinat bilan yaqindan tanishdilar,- deydi Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, doktor Tilo Klinner.