“Golan tepaliklari ustidan nazorat va hokimiyat bizga xavfsizlikni ta'minlaydi, Golan tepaliklari abadiy Isroilning ajralmas qismi bo'lib qoladi”, dedi u.

Yahudiy davlati Vazirlar Mahkamasi rahbari, shuningdek, Bashar Asad hokimiyatining tugatilishi SAXALning Livandagi “Hizbulloh” harakati va Eronga hujumlarining bevosita natijasi bo'lganini da'vo qilmoqda.

“Biz Yaqin Sharqning qiyofasini o'zgartirmoqdamiz. Biz boshqa Suriyani ko'rishni va tinchlikda yashashni istaganlarga qo'l uzatmoqchimiz”, deya qo'shimcha qildi Netanyaxu.

8-dekabr kuni Suriya prezidenti Bashar Asad respublikadagi mojaroga kirishgan tomonlar bilan muzokaralardan so'ng hokimiyatni tinch yo'l bilan topshirish bo'yicha ko'rsatma berib, o'z lavozimini tark etishga qaror qildi va mamlakatni tark etdi.

Shundan keyin Isroil Golan tepaliklarida mudofaasini faol ravishda kuchaytira boshladi. Netanyaxuning so'zlariga ko'ra, “Qiyomat kuni” urushidan so'ng erishilgan kelishuv Suriya harbiylari o'z pozitsiyalaridan voz kechgani uchun o'z kuchini yo'qotgan. Isroil bosh vazirining ta'kidlashicha, u Mudofaa vazirligi rahbari bilan birgalikda va Vazirlar Mahkamasining har tomonlama qo'llab-quvvatlashi bilan SAXAlga demarkatsiya zonasi va uni nazorat qiluvchi pozitsiyalarni egallash bo'yicha buyruq bergan.

Golan tepaligi 1967-yilgacha Suriyaning bir qismi edi. Olti kunlik urush paytida Isroil harbiylari bu hududni egallab olishgan va “Qiyomat kuni” urushidan keyin (1973) tomonlar sulh va qo'shinlarni ajratish to'g'risida bitim tuzishgan. 1974-yilda Golan tepaliklarida BMT tinchlikparvar postlari paydo bo'ldi. Suriya tomonidagi chegara chizig'i “Bravo”, Isroil tomonida esa “Alfa” chizig'i deb atala boshladi, deb xabar beradi ria.ru.