“Livan xalqiga bir xabarim bor. Isroil siz bilan emas, “Hizbulloh” bilan urushmoqda. Juda uzoq vaqt “Hizbulloh” sizdan tirik qalqon sifatida foydalandi. Yashash xonalaringiz va garajlaringizga raketalarni joylashtirdi. Bu raketalar va snaryadlar to'g'ridan-to'g'ri shaharlarimizga va fuqarolarimizga qaratilgan, xalqimizni “Hizbulloh” hujumlaridan himoya qilish uchun biz bu qurollarni yo'q qilishimiz kerak”, dedi bosh vazir.
Bosh vazir Isroil Mudofaa kuchlarining (SAXAL) livanliklarni “Hizbulloh” qurollari joylashtirilgan hududlarni tark etishga chaqirgan ertalabki chaqirig'ini eslatdi.
“Bu ogohlantirishni jiddiy qabul qilishingizni so'rayman. “Hizbulloh” sizning va yaqinlaringiz hayotini xavf ostiga qo'yishiga yo'l qo'ymang. Hizbulloh Livanni xavf ostiga qo'yishiga yo'l qo'ymang”, dedi Netanyaxu.
Livanliklarni xavfli hududlarni tark etishga chaqiriqlar Isroil havo kuchlarining Livan hududiga katta zarbalari bergan paytga kelib yangramoqda.
Livan va Isroil o'rtasidagi mojaroning keskinlashuvi Isroil armiyasi 30-iyul kuni Bayrut shahri janubidagi Xaret Xreyk tumanida joylashgan turar-joy binosiga zarba berib, uni butunlay vayron qilganidan keyin kuchaydi. Yetti kishi, jumladan “Hizbulloh”ning yuqori martabali qo'mondoni Fuad Shukr halok bo'ldi. Avgust oyida shia qarshilik harakati yetakchisi Hasan Nasrulloh Isroilning harakatlari “barcha qizil chiziqlarni kesib o'tgani” va bunday hujumga javob yaqin kelajakda amalga oshirilishini aytgan edi. Isroil, o'z navbatida, Isroilga qarshi har qanday tajovuzkor harakatlar Livan uchun keng ko'lamli vayronkor oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Isroil-Livan chegarasidagi vaziyat 2023-yil oktabr oyida G'azo sektorida Isroil harbiy amaliyotlari boshlanganidan keyin yomonlashdi. Isroil armiyasi va Livan “Hizbulloh” harakati jangarilari chegaradagi hududlarda har kuni bir-birlarining pozitsiyalariga o'q uzmoqda. Livan Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, Isroilning o'qqa tutishi tufayli Livan janubida 100 mingga yaqin odam uyini tark etishga majbur bo'ldi. Isroil tomonining xabar berishicha, Isroil shimolining 80 mingga yaqin aholisi xuddi shunday vaziyatga tushib qolgan, deb xabar beradi ria.ru.