Siz, azizlarni Jayhun sohilida, Sharq gavhari boʻlmish koʻhna Xiva shahrida oʻtkazilayotgan musiqa va sanʼat bayrami – “Lazgi” III xalqaro raqs festivalining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Fursatdan foydalanib, UNESCO, TURKSOY kabi nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillariga, xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, taniqli sanʼat arboblari, olim va mutaxassislarga, barcha ishtirokchilarga oʻzimning chuqur hurmatimni izhor etaman.

Ushbu anjumanga mezbonlik qilayotgan qadimiy va betakror Xorazm ahlini alohida qutlab, ezgu tilaklarimni bildiraman.

Mana shunday shukuhli bahor kunlarida, boqiy va bezavol “Lazgi” sadolari ostida oʻtayotgan bu goʻzal bayram barchamizga muborak boʻlsin!

Qadrli anjuman ishtirokchilari!

Uch ming yildan ziyod shonli tarix va madaniyatga ega boʻlgan xalqimiz qalbini, uning nafis tuygʻularini hayratlanarli darajada nozik harakatlar orqali ifoda etadigan noyob sanʼat durdonasi – “Lazgi” nomi bilan ataladigan xalqaro raqs festivali turli el-u elatlar oʻrtasida samarali madaniy muloqot maydoniga aylanib borayotgani barchamizni albatta xursand qiladi.

“Lazgi” ezgulik va goʻzallik, tinchlik va doʻstlik gʻoyalarini asrlar davomida tarannum etib kelayotgan, Xivaning muazzam minoralari kabi yuksaklik va ulugʻvorlik timsoli boʻlgan mumtoz musiqiy obidadir.

Aynan ana shunday benazir xususiyatlariga koʻra, mazkur nodir asar 2019-yilda UNESCOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi roʻyxatidan munosib joy egalladi va xalqaro miqyosda tobora yuksak qadr-qimmat kasb etib bormoqda.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston Milliy baleti guruhi tomonidan “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” baleti jahondagi nufuzli sahnalarda muvaffaqiyatli namoyish etib kelinayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Hozirgi vaqtda Yangi Oʻzbekistonda madaniyat va sanʼat rivojiga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Xususan, milliy raqs sanʼatini yuksaltirish, sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xoreografiya sohasida zamonaviy taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilgani, mashhur “Bahor” ansambli faoliyati qayta tiklangani, “Lazgi” ansambli va boshqa ijodiy jamoalar qoʻllab-quvvatlanayotganini taʼkidlash lozim.

“Lazgi” xalqaro raqs festivali mamlakatimizning madaniy diplomatiyasida muhim oʻrin tutadigan strategik platformadir. Ushbu anjuman xalqaro madaniy brend sifatida shakllanib, uning geografiyasi va ishtirokchilarining soni yil sayin ortib borayotgani, bugungi festivalda dunyoning oʻnlab mamlakatlaridan yuzlab sanʼatkorlar, raqs jamoalari, olim va ekspertlar ishtirok etayotgani diqqatga sazovordir.

Biz yoshlar oʻrtasida mumtoz sanʼatimizga qiziqishni yanada oshirish, ularni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarishda “Lazgi” raqsidan mahorat va tajriba maktabi sifatida foydalanishni davom ettiramiz.

Ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan xalqaro festivalning nufuzi kelgusida yanada yuksalib, u jahon madaniy hayotida munosib oʻrin egallaydi deb ishonaman.

Sizlarni bugungi sanʼat va madaniyat bayrami bilan yana bir bor qutlar ekanman, barchangizga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat, sanʼat olamida yangi yutuq va zafarlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti