Bu haqda Raqobat qoʻmitasi maʼlum qildi.

Qoʻmita tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda fuqarolarning vaqtincha yashash joyi oʻzgargan yoki xorijda boʻlgan davrida asosiy yashash manzili boʻyicha ayrim kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar hisoblangani holatlarini oʻrgandi.

Oʻrganishlar davomida xorijda vaqtincha istiqomat qilayotgan, ishlayotgan, ish qidirayotgan mehnat migrantlari hamda tahsil olayotgan abonentlar haqidagi maʼlumotlar amaldagi holatga mos kelmasligi, shuningdek, yangi abonentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tizimga kiritilmagani aniqlangan.

Xususan, tegishli davrda maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati koʻrsatilmagan qariyb 800 ming nafar fuqaro, shuningdek, ichimlik suvi hisoblagichlari bilan taʼminlanmagan xonadonlarda yashamagan qariyb 100 nafar fuqaro holati aniqlangan.

Natijada xizmat koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan qariyb 800 ming nafar fuqaroning huquqlari tiklanib, ular foydasiga 22 mlrd soʻmga yaqin asossiz qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinishi taʼminlangan.

Kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida Raqobat qoʻmitasi billing tizimlarini migratsiya maʼlumotlari bazalari bilan integratsiya qilishni taklif etdi. Shuningdek, chet elda bir oydan ortiq boʻlgan abonentlar va ular bilan yashovchi shaxslar uchun Oʻzbekistonga qaytib kelgunga qadar har oylik qayta hisob-kitob tizimini joriy etish masalasi boʻyicha tegishli idora va tashkilotlarga takliflar kiritildi.