Davlatimiz rahbari shaxmatchilarimizni Samarqandda oʻtkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy gʻalaba bilan yana bir bor tabrikladi.

– Ikki karra Olimpiada chempioni degan yuksak va sharafli unvon barchamizga, butun Oʻzbekiston xalqiga muborak boʻlsin! – dedi Prezidentimiz.

Samarqanddagi Olimpiadada 200 dan ortiq mamlakatdan 2 mingga yaqin shaxmatchi, jumladan, kuchli grossmeysterlar va amaldagi chempionlar ishtirok etdi. Ana shunday raqobatda yurtdoshlarimiz Oʻzbekiston bayrogʻini eng balandga koʻtardi. Gʻalabaning oʻz yurtimizda, xalqimiz koʻz oʻngida qoʻlga kiritilgani unga alohida maʼno bagʻishladi.

Musobaqani bevosita kuzatish uchun Samarqandga 60 mingdan ortiq mahalliy va xorijlik mehmon keldi. Qariyb 500 ming kishi joylardagi muxlislar uchun hududlarda, teleekran va internet orqali esa millionlab vatandoshlarimiz bahslarni hayajon bilan kuzatdi.

Mamlakatimiz yetakchisi hal qiluvchi oʻyinlarga toʻxtalib, amaldagi Olimpiada chempioni Hindistonga qarshi uchrashuvni alohida esladi. Nodirbek Yoqubboyev Nihal Saringa qarshi partiyada ogʻir vaziyatga tushganiga qaramay, kurashni oxirigacha davom ettirdi. Raqibning xatosidan foydalanib amalga oshirgan taktik yurishlari jamoamizga hal qiluvchi gʻalabani olib keldi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston yakka peshqadamga aylandi. Shaxmatchilarimiz Xitoy terma jamoasini 3:1 hisobida yengdi, jahon reytingida birinchi oʻrinda turgan, olti karra Olimpiada chempioni AQSh jamoasidan ham ustun keldi.

Nodirbek Abdusattorov musobaqani birorta magʻlubiyatsiz oʻtkazib, birinchi taxtada oltin medalga sazovor boʻldi. Uning jahon reytingida uchinchi oʻrinda turgan Fabiano Karuanaga qarshi murakkab endshpilda qozongan gʻalabasi ham alohida eʼtirof etildi.

Davlatimiz rahbari Javohir Sindorovning Nomzodlar turniridagi tarixiy muvaffaqiyatini yodga oldi. U Olimpiadada ham sovuqqonlik va barqarorlik koʻrsatdi. Prezidentimiz Javohirga jahon toji uchun boʻlajak bellashuvda butun Oʻzbekiston xalqi ishonishini taʼkidladi.

Olimpiadada ilk bor qatnashgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextiarovni qora donalarda yengib, jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni keltirdi. Shamsiddin Vohidov esa amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashdi. Taʼkidlanganidek, bu gʻalabada jamoaning har bir aʼzosi hissasi bor.

Oʻzbekiston Olimpiadada erkaklar va ayollar oʻrtasida jami oltita terma jamoa bilan ishtirok etdi. Erkaklar oʻrtasidagi ikkinchi jamoamiz jahon reytingida oltinchi oʻrinda turgan Niderlandiyani yirik hisobda magʻlub etdi. Uchinchi jamoa aʼzosi, 17 yoshli Asrorjon Omonov sakkizta oʻyinning yettitasida gʻalaba qozondi.

– Bizda 2-3 nafar shaxmatchi emas, balki butun boshli kuchli avlod bor desak, bu ham haqiqat, – dedi Prezidentimiz.

Ayollar terma jamoalari ham matonat koʻrsatdi. Birinchi jamoa 11 turning yettitasida gʻalaba qozonib, kuchli raqiblar bilan tengma-teng oʻynadi. Afruza Hamdamova, Gulruxbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufar Imomqoʻziyeva, Guldona Karimova va boshqa shaxmatchi qizlarning mehnati eʼtirof etildi. Davlatimiz rahbari kelgusida oʻzbek shaxmatchi qizlari ham Olimpiada shohsupasining eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilishiga ishonch bildirdi.

Samarqandda oʻtgan uchinchi FIDE parashaxmat olimpiadasida Oʻzbekiston terma jamoasi ilk bor bronza medalini qoʻlga kiritdi. Selbi Kakishova yetti oʻyinda olti ochko jamgʻarib, oʻz taxtasida kumush medalga sazovor boʻldi. Abdulaziz Bahodirov shaxsiy hisobda bronza medalini oldi, Ahadxon Kimsanboyev esa musobaqani magʻlubiyatsiz yakunladi. Prezidentimiz parashaxmatchilarning irodasi va mehnatini yuksak baholadi.

Uchrashuvda ushbu natijalar ortida sportchilarning ota-onalari, birinchi ustozlari, murabbiylari va ularni qoʻllab-quvvatlagan jamoalar turgani taʼkidlandi. Prezidentimiz jahon chempioni Rustam Qosimjonov tajriba va bilimini yangi avlodga yetkazib kelayotganini alohida eʼtirof etdi.

– Ustozning eng katta gʻalabasi – shogirdlarining undan ham baland marralarga chiqishidir! – dedi davlatimiz rahbari.

Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining FIDE tomonidan “Eng yaxshi federatsiya” deb eʼtirof etilgani, Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy prezidenti etib saylangani mamlakatimizning jahon shaxmatidagi nufuzi yuksalayotganidan dalolat ekani qayd etildi.

– Bu natijalar tasodifiy emas. Bu – maktab, bu – tizim, bu – oʻzbek shaxmatining yangi darajasi, – dedi Prezidentimiz.

2018-yilda qabul qilingan qaror asosida maktablarda shaxmat oʻqitish, murabbiylar tayyorlash va klublarni rivojlantirish yoʻlga qoʻyildi. Soʻnggi oʻn yilda 17 nafar shaxmatchimiz xalqaro grossmeyster unvoniga ega boʻldi, ularning besh nafari ayollardir.

Davlatimiz rahbari navbatdagi maqsadni belgilab berdi: Yangi Oʻzbekistonni nafaqat Olimpiada chempioni, balki dunyo shaxmat markaziga aylantirish. Buning uchun mamlakatimizda tajriba, natija va yoshlarga namuna boʻladigan chempionlar borligi taʼkidlandi. Ulardan ilhomlangan minglab bolalarning shaxmatga kirib kelishi yangi isteʼdodlarni kashf etish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Shu maqsadda har bir viloyat, tuman va mahallada iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularni kuchli ustozlarga biriktirish va xalqaro turnirlarda muntazam qatnashishiga sharoit yaratish vazifasi qoʻyildi. Qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish boʻyicha alohida tizim tashkil etiladi.

Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Fargʻonada mintaqaviy filiallari ochiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball toʻplagan shaxmatchilarning xususiy klublarda oʻqish xarajatlari yarmi davlat tomonidan qoplanadi.

Shuningdek, “Oʻzbekiston Grand chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam oʻtkazib boriladi. Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik oʻyin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.

Uchrashuvda shaxmat va parashaxmat olimpiadalari gʻolib va sovrindorlarini, ularning murabbiylarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingani maʼlum qilindi. Unga muvofiq, chempionlarga uy-joy hamda avtomobil berildi. Bronza medalini qoʻlga kiritgan parashaxmatchilar ham uy-joy va avtomobil bilan taqdirlandi. Terma jamoalar bosh murabbiylari Rustam Qosimjonov va Samandar Shermuxammadov avtomobil bilan mukofotlandi.

Olimpiada chempioni boʻlgan har bir shaxmatchiga 200 ming dollardan, ularning murabbiylariga 50 ming dollardan pul mukofoti ajratildi. Bronza medalini qoʻlga kiritgan har bir parashaxmatchiga 50 ming dollardan, ularning murabbiylariga 12 ming 500 dollardan berildi.

Prezident farmoniga muvofiq, Vatanimiz shuhratini yuksaltirishga qoʻshgan hissasi, mahorati va jasorati uchun bir guruh shaxmatchilar, ularning ustozlari va soha vakillari davlat mukofotlariga sazovor boʻldi. Uchrashuvda mazkur mukofotlarni topshirish marosimi oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari mukofotlar sportchilarning bugungi gʻalabasiga berilgan baho bilan birga ularning kelgusi yutuqlariga bildirilgan ishonch ramzi ekanini taʼkidladi.

Sportchilar, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylari so‘zga chiqib, davlatimiz rahbariga shaxmat sohasiga qaratilayotgan e’tibor va yaratilgan keng sharoitlar, yuksak e’tirof uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuv yakunida Prezidentimiz terma jamoalar a’zolari va ularning ota-onalari bilan birgalikda suratga tushdi.