Aholining sud himoyasida bo‘lish kafolatlarini yanada kuchaytirish, sudlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashning professional tizimini joriy etish, shuningdek, sud tizimida 2026-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha e’lon qilingan “favqulodda holat”dan kelib chiqadigan vazifalarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar mazkur Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) sudlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, zamonaviy komplayens nazorat tizimini joriy etish orqali korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni barvaqt bartaraf etish;
(b) sud apparati xodimlarini ishga qabul qilish jarayonini shaffof tartib-taomillar va ochiq tanlovga asoslangan tarzda tashkil etish, ularning salohiyati, iqtidori, kasbiy sifatlari hamda alohida xizmatlarini odilona va haqqoniy baholash (meritokratiya) asosida kasbiy o‘stirish;
(v) sud tizimiga jamoatchilik ishonchini mustahkamlash va sudning nufuzi va obro‘sini oshirish, sud organlarini Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlarning ko‘makchisiga aylantirish.
II. Sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish
2. Oliy sudning quyidagi takliflari ma’qullansin:
(a) sud tizimining mavjud boshqaruv shtat birliklari doirasida sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish, shu jumladan, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va tartibga solish uchun mas’ul bo‘lgan Komplayens nazorat xizmatini tashkil etish;
(b) sud apparati xodimlari kasb mas’uliyatini yanada chuqur his etishlari maqsadida mansab darajasiga ega bo‘lgan sud apparati xodimlari uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimini joriy etish.
3. Belgilansinki, sud tizimida korrupsiyaning oldini olish:
(a) sudyalar korpusiga nisbatan – Sudyalar oliy kengashining Sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasi tomonidan;
(b) sud apparati, shu jumladan, Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti xodimlariga nisbatan – Oliy sudning Komplayens nazorat xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar Komplayens nazorat xizmatining asosiy vazifalari etib belgilansin:
(a) sud apparati faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
(b) sud apparati xodimlari tomonidan kasb etikasi va qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini monitoring qilish, korrupsiya va sud tizimi obro‘siga putur yetkazuvchi boshqa holatlarning oldini olish;
(v) sud apparatiga ishga qabul qilish jarayonlarida shaffoflik va xolislikni ta’minlash choralarini ko‘rish, shuningdek, belgilangan tartibda sud apparati lavozimlariga nomzodlarni korrupsiyaga qarshi tekshiruvdan o‘tkazish va xulosa berish;
(g) sud apparati xodimlarida korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalari uzluksiz oshirib borilishini muvofiqlashtirish;
(d) sud apparati xodimlari, ular oila a’zolarining (turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlari) daromadlari va mol-mulki, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini deklaratsiya qilish tizimlarini ishga tushirish hamda yuritish, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik;
(j) xalqaro standartlar asosida korrupsiya holatlari haqida xabar bergan xodimlarni himoya qilish va rag‘batlantirish, pora taklif etish holatlari haqida xodim tomonidan xabar berish tizimi, shuningdek, fuqarolar uchun xavfsiz aloqa kanallarini joriy etish;
(z) qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish.
5. Quyidagilar:
(a) Oliy sudning apparatida Oliy sud raisiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘ysunuvchi 3 ta shtat birligidan iborat Komplayens nazorat xizmati tashkil etilsin;
(b) O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida Komplayens nazorat xizmatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘ysunadigan jami 15 ta shtat birligidan iborat komplayens nazorat bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etilsin.
6. Belgilansinki:
(a) Komplayens nazorat xizmati rahbari Oliy sud raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda mehnatga haq to‘lash, moddiy ta’minot va ijtimoiy himoya shartlari bo‘yicha Oliy sud departament boshlig‘iga tenglashtiriladi;
(b) komplayens nazorat bo‘yicha inspektorlar Oliy sud raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda mehnatga haq to‘lash, moddiy ta’minot va ijtimoiy himoya shartlari bo‘yicha Oliy sud bosh konsultantiga tenglashtiriladi;
(v) komplayens nazorat bo‘yicha inspektorlar Harbiy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida joylashtiriladi;
(g) Komplayens nazorat xizmati lavozimlariga halol, pok va benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan oliy yuridik ma’lumotli, shuningdek, qoida tariqasida, sud-huquq sohasida kamida 5 yillik ish stajiga ega nomzodlar tayinlanadi;
(d) Oliy sudi raisiga Komplayens nazorat xizmati xodimlariga budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibda qo‘shimcha ustamalar to‘lash huquqi beriladi;
(j) Komplayens nazorat xizmati xodimlariga yuklatilgan vazifalar doirasida sud apparati xodimlarining odob-ahloqi hamda xizmat vaqtida va xizmatdan tashqari holatlarda o‘zini tutishi, umume’tirof etilgan odob-ahloq qoidalariga rioya etishi bilan bog‘liq masalalarda xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish vakolati beriladi.
7. Oliy sud:
(a) 2026-yil 1-sentabrga qadar sud apparati faoliyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi va sud apparatidagi korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxatini tasdiqlasin;
(b) 2027-yil 1-martga qadar sud apparati xodimlarining korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi yuqori bo‘lgan vazifa va funksiyalarini raqamlashtirish, ularni amalga oshirishda inson omilini kamaytirish choralarini ko‘rsin.
8. Oliy sud uch oy muddatda sud apparati xodimlarini ishga qabul qilish va ularning mehnat faoliyati bilan bog‘liq cheklovlarni belgilovchi nizomni o‘rnatilgan tartibda tasdiqlasin. Nizomda quyidagilarga nisbatan cheklovlar nazarda tutilsin:
(a) muqaddam korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslarni ishga qabul qilish;
(b) notarius, advokat, sudya, huquqni muhofaza qiluvchi yoki boshqa davlat organi faoliyatida nojo‘ya xatti-harakatlari uchun lavozimdan bo‘shatilgan shaxslarni uch yil mobaynida ishga qabul qilish;
(v) pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish;
(g) tadbirkorlik subyektini ta’sis etish, unda tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarish (bundan aksiyadorlik jamiyatlari erkin muomalada bo‘lgan aksiyalariga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida egalik qilish hollari mustasno);
(d) o‘z xizmat vazifalarini siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini ko‘zlab bajarish;
(j) O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochish va ularga ega bo‘lish, ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulkka egalik qilish.
9. Oliy sudning HR-menejment mexanizmlaridan keng foydalangan holda sudlar apparatining kadrlarini boshqarish va nazorat qilishning samarali va zamonaviy tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. Unga ko‘ra 2026 yil yakuniga qadar:
(a) nomzodlarning shaxsiy va kasbiy fazilatlari, shu jumladan, ularning ma’naviy-axloqiy va halollik sifatlarini haqqoniy baholash imkonini beruvchi ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish tizimini joriy etish. Bunda malakali kadrlarni jalb etish va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishning zamonaviy usullaridan keng foydalanishni nazarda tutish;
(b) inson resurslarini boshqarish va rivojlantirishda raqamli texnologiyalar, shu jumladan sun’iy intellektdan foydalangan holda vakant lavozimlarni e’lon qilish, nomzodlarni saralash, tanlash va ishga qabul qilish jarayonlarini raqamlashtirishga mo‘ljallangan “vacancy.sud.uz” portali hamda sud tizimida xodimlar bilan ishlash va kadrlar ma’murchiligining zamonaviy uslublarini joriy etishga qaratilgan “SudHR” elektron platformasini ishlab chiqish va ishga tushirish;
(v) zamonaviy usullardan foydalangan holda sud apparati xodimlarining kasbiy mahorati va kasb bilan bog‘liq chaqiriqlarga bardoshliligi, ahillik va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, yangiliklarga moslashishiga qodir jamoani shakllantirish;
(g) sudlarga oliy yuridik ma’lumot va ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan kadrlarni jalb qilishda respublikaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ta’minlansin.
10. Oliy sud ikki oy muddatda Oliy sud va qo‘yi sudlar tuzilmasini belgilangan shtat birliklari doirasida mustaqil tasdiqlash huquqini Oliy sud raisiga berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritsin.
III. Sudyalar korpusida korrupsiyaga murosasizlikni shakllantirish
11. Sudyalar oliy kengashi va Boshqaruv samaradorligi agentligining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari ma’qullansin:
(a) Odil sudlov akademiyasi va Boshqaruv samaradorligi agentligi huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazining moddiy-texnika bazasi va ilmiy-amaliy resurslaridan foydalangan holda 2026-yil yakuniga qadar sud tizimida korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish;
(b) Odil sudlov akademiyasida nomzodlarni sudyalik kasbiga tayyorlashda qo‘shimcha ravishda shaxsiy-professional va korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish amaliyotini joriy etish.
12. Oliy sud uch oy muddatda sud ishlarini avtomatik taqsimlash dasturini yanada takomillashtirish choralarini ko‘rsin. Bunda:
(a) ishlarni taqsimlash va qayta taqsimlash mezonlarining tugal asoslarini belgilash, mazkur jarayonlar shaffofligini ta’minlash;
(b) ishni bir sudyadan boshqa sudyaga asossiz ravishda o‘tkazish holatlarining oldini olish nazarda tutilsin.
13. Sudyalar oliy kengashi 2026-yil sentabrga qadar Odil sudlov akademiyasida sudyalar va sud apparati xodimlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaning boshqa ko‘rinishlarining oldini olish bo‘yicha “real keyslar”ga asoslangan o‘quv-amaliy modulini joriy etsin.
14. Sudyalar oliy kengashi:
(a) 2026-yil 1-sentabrga qadar Odil sudlov akademiyasida mavjud boshqaruv shtat birliklari doirasida ichki xavfsizlik nazorati xizmatini tashkil etish;
(b) 2027-yil 1-iyunga qadar Odil sudlov akademiyasini ISO 37001 korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi xalqaro standarti bo‘yicha auditdan o‘tkazish choralarini ko‘rsin.
15. Sudyalar oliy kengashi Oliy sud, Odil sudlov akademiyasi bilan birgalikda sudyalar va sud apparati xodimlarining har uch yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarida malakasini oshirish choralarini ko‘rib borsin.
16. Quyidagilar:
(a) Sudyalar oliy kengashi – 2026-yil 1-sentabrga qadar sudyalar tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari hamda daromadlar va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyani Kengashga taqdim etish, shuningdek, ularni tekshirish va tahlil qilishning avtomatlashtirilgan elektron tizimini;
(b) Oliy sud 2027-yil 1-mayga qadar:
(i) sud apparati xodimlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari hamda daromadlar va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyani Oliy sudga taqdim etish, shuningdek, ularni tekshirish va tahlil qilishning avtomatlashtirilgan elektron tizimini;
(ii) sud apparati xodimlari faoliyatidagi korrupsiya, shubhali sxemalar va intizom buzilishlariga olib keluvchi bo‘shliqlarni aniqlab, ularni bartaraf etish, sud apparati xodimlari faoliyatini monitoring qilish imkonini beruvchi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni boshqarish elektron axborot tizimini ishga tushirsin.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
17. Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari bo‘yicha “yo‘l xarita”si ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
18. Oliy sud uch oy muddatda Komplayens nazorat xizmatini malakali kadrlar bilan to‘ldirish va ularning samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yishni ta’minlasin.
19. Oliy sud Sudyalar oliy kengashi, Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
20. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Komplayens xizmati va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Oliy sudga Komplayens nazorat xizmati faoliyatini samarali tashkil etish, xodimlarning malakasini oshirishda uslubiy jihatdan ko‘maklashib borsin.
21. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsan javobgar etib Oliy sud raisi B.D. Islamov va Sudyalar oliy kengashi raisi X.B. Yodgorov belgilansin.
22. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari N.J. Xakimova zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev