Avvalo, armiyaning jangovar shayligi va tayyorgarligini rivojlantirish, shaxsiy tarkibga yangi tizim asosida ta’lim berish va kasbga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.

Xususan, jangovar shaylik yo‘nalishida qo‘shinlarda majmuaviy strategik va qo‘mondonlik shtab o‘quvlari, yig‘in, dala chiqishlari va o‘quv kurslari tizimli ravishda o‘tkazib kelinayotgani, bunda shaxsiy tarkibda axloqiy-ruhiy, real jangovar vaziyatlarda qo‘rquv va emotsiyalarni boshqarish hamda dadil harakatlana olish kabi muhim jangovar sifatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

Zamonaviy jangovar harakatlar tahlilidan kelib chiqib, barcha o‘quv, trening va mashg‘ulotlarda jang olib borishning yangi usul va shakllari o‘zlashtirilayotgani, bo‘linmalarning mobilligini, jangovar imkoniyatlarini va qo‘yilgan vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatini oshirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani yuzasidan axborot berildi.

Har yili mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi yurtimizda tinchlikni asrash, mustaqillikni mustahkamlash, Vatan ozodligi yoʻlida qurbon boʻlganlar xotirasini yod etish, bugun oramizda sogʻ-omon yashayotgan urush va mehnat faxriylariga gʻamxoʻrlik koʻrsatishning yorqin amaliy ifodasidir.

Joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million soʻm miqdorida bir martalik pul mukofotini toʻlash taklif qilindi.

Shuningdek, bu kunda urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat-ehtirom koʻrsatish, yolgʻiz va kam taʼminlangan faxriylarning turar joylarini obodonlashtirish, turli xotira va qadrlash tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan Vatan fidoyilarining xotirasi ham ulugʻlanadi. Ularning oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatiladi.

Ona Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yoʻlida jon fido qilgan harbiy xizmatchilarning mardligi va jasoratini targʻib qilishga qaratilgan maʼnaviy-vatanparvarlik tadbirlari oʻtkaziladi. Mamlakatimiz boʻylab “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, ijodiy kechalar, tanlovlar va ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.

Taqdimotda rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar ham koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, dunyoda yuz berayotgan harbiy mojarolar tahlili urush davridagi safarbarlik ehtiyojlaridan kelib chiqib, tinchlik davrida harbiy tayyorgarlikka ega boʻlgan ofitserlar zaxirasini shakllantirish va ularni mutaxassisliklar boʻyicha toʻgʻri taqsimlash dolzarb vazifa ekanini koʻrsatmoqda.

Hozirgi kunda 4 ta oliy taʼlim va 2 ta oliy harbiy taʼlim muassasasining harbiy tayyorgarlik oʻquv markazlari va fakultetlarida 42 ta mutaxassislik boʻyicha rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlanmoqda. Bunga qoʻshimcha ravishda Urganch, Termiz, Andijon davlat universitetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Andijon davlat tibbiyot institutida yana 5 ta harbiy tayyorgarlik oʻquv markazini tashkil etish taklif qilindi.

Shuningdek, davlat oliy taʼlim muassasalarida qoʻshimcha ravishda “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha 3 yillik bakalavriat taʼlimi asosida rezerv va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Harbiy tibbiyot institutida esa ilk bor klinik ordinatura va magistraturaga qabul qilingan hamda harbiy tayyorgarlikdan oʻtish istagini bildirgan talabalar toʻlov-kontrakt asosida oʻqitiladi. Bunday imkoniyat nodavlat oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun ham yaratiladi.

Bugungi kunda dolzarb boʻlgan sunʼiy intellekt, dron, robototexnika kabi zamonaviy va tor mutaxassisliklar boʻyicha ham zaxira ofitserlari tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Harbiy tayyorgarlik oʻquv boʻlinmalari uchun ilgʻor xorijiy armiyalar tajribasi asosida yangi oʻquv reja va dasturlar ishlab chiqiladi.

Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yil 13-yanvar kuni Prezidentimiz, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qoʻmondoni raisligida oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashi yigʻilishida mazkur masala ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan edi.

Jumladan, Mudofaa vazirligi ofitserlariga xizmat yillari uchun toʻlanadigan har oylik ustama miqdori ikki baravarga oshirish, kontrakt boʻyicha xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik pul taʼminotini 10 foizga koʻpaytirish taklif qilindi.

Prezidentimiz takliflarni qoʻllab-quvvatlab, ularning ijrosi harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, harbiy xizmat nufuzi va jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi hamda tegishli hujjatlarni imzoladi.