Ushbu forum mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyatini keng namoyon etish, xorijiy sheriklar bilan oʻzaro manfaatli loyihalarni shakllantirish va ilgari surish uchun muhim xalqaro maydonga aylangan.

2022-yilda ilk bor oʻtkazilgan forumda 56 mamlakatdan 1 mingdan ziyod xorijiy mehmon ishtirok etgan edi. Bu yil 16-18-iyun kunlari boʻlib oʻtadigan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida 99 ta mamlakatdan jami 8 mingdan ziyod ishtirokchi, jumladan, qariyb 3,1 ming nafar xorijiy mehmon qatnashishi kutilmoqda.

Tadbirga taklif etilganlar orasida xorijiy davlatlar hukumatlari rahbarlari va vakillari, nufuzli xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar, investitsiya jamgʻarmalari va ishbilarmon doiralar rahbarlari bor. 

Taqdimotda forum va uning doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar dasturi haqida maʼlumot berildi. Xususan, yalpi majlis, ikki tomonlama uchrashuvlar, tarmoq va hududlar taqdimotlari, investitsiya kelishuvlarini imzolash marosimlari hamda ishbilarmonlar muloqotlari oʻtkaziladi.

Oʻzbekistonning investitsiya salohiyatini namoyish etish koʻrgazmasida qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat, geologiya, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik, kimyo sanoati, energetika, sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalari tarmoqlarining imkoniyatlari taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Forum doirasida Prezidentimiz huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi ham boʻlib oʻtadi. Unda mamlakatimizda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, xususiy sektor va xalqaro investorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilinadi.

Joriy yilgi forumda ham investitsiya kelishuvlarining yirik toʻplamini imzolash rejalashtirilgan. Hozirda yangi loyihalarni shakllantirish ishlari jadal ketmoqda.

Ishlab chiqilayotgan kelishuvlar kimyo sanoati, geologiya va metallurgiya, yengil sanoat, elektrotexnika va mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari, energetika va ekologiya, raqamli texnologiyalar, qurilish va infratuzilma, bank-moliya, transport-logistika, turizm hamda taʼlim kabi muhim yoʻnalishlarni qamrab oladi.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi yangi ish oʻrinlari yaratish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport salohiyatini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari forumni yuqori tashkiliy darajada oʻtkazish, har bir tarmoq va hududning investitsiyaviy salohiyatini aniq loyihalar orqali namoyon etish muhimligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga xorijiy mehmonlarni kutib olish, tadbirlar dasturini puxta tashkil qilish, imzolanadigan kelishuvlarning aniq ijro mexanizmlarini belgilash va forumdan keyin ularni tizimli monitoring qilib borish boʻyicha topshiriqlar berildi.