Rim Giniyatullin 1943-yil 18-sentyabrda Jizzax viloyatining Zomin tumanida tug‘ildi. 1963-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash institutini (hozirgi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti) muhandis-gidrotexnik yo‘nalishi bo‘yicha tugatdi. Mehnat faoliyatini O‘zbekiston qurilish vazirligida oddiy ishchi sifatida boshlab, keyinchalik ushbu vazirlikda usta, bosh muhandis vazifalarida xizmat qildi. U O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, bosh boshqarma boshlig‘i, suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Davlat reja qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Davlat agrosanoat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlab, katta bilim va tajriba orttirdi.

Mohir tashkilotchi rahbar 1989–1996-yillarda melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri, 1996–1997-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda fidokorona mehnat qilib, mamlakatimizda suv va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish orqali yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shdi.

R.A.Giniyatullin Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasida turli rahbarlik vazifalarida ishlab, dengizning qurishi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishda jonbozlik ko‘rsatdi.

Umrining so‘nggi yillarida u Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonlarida, xususan, ko‘pmillatli jamiyatimizda tinchlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, keksalar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda faol ishtirok etdi.

Rim Giniyatullinning mamlakatimizni taraqqiy ettirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlandi.

El-yurtimiz o‘rtasida obro‘-e’tibor topgan tajribali rahbar, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Rim Abdulovich Giniyatullinning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, S.Turdiyev