DXXning xabar berishicha, Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan ayol 2025 yil iyul oyida qo‘shni respublikaga borib, narkosavdogardan 1 kilogramm «gashish» moddasi­ni 6 ming AQSh dollariga sotib olish va uni mamlakatimiz hududidagi manzilga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Ma’lum vaqt o‘tgach, ayol «WhatsApp» orqali giyohvandlik vositasi yashirib qoldirilgan xufiya joy manzilini olgan.

So‘ngra u muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan ikki tanishi bilan Bekobod shahri hududidagi dala maydoniga yo‘l olgan.

Biroq, ular giyohvandlik vositasini xufiya joydan olayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan giyohvandlik vositasining sof og‘irligi 985 grammni tashkil etgan.

Tergov jarayonida ayol o‘zining 1993 yilda tug‘ilgan jinoyiy sherigi bilan birgalikda Bekobod shahridan ijaraga xonadon olib, u yerda giyohvandlik vositalarini sotish va iste’mol qilish uchun «bangixona» tashkil etgani ham aniqlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahar sudi hukmiga ko‘ra, mazkur shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 246-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 273-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga nisbatan 8 yil 3 oydan 10 yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.