Hujjat 2026-yil 14-sentyabrda 3939-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

Tibbiy tekshiruv giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilish holatlarini barvaqt aniqlash maqsadida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi va uning hududiy filiallarida oʻtkaziladi.

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan fuqarolar hududiy harbiy-tibbiy komissiyaga yuborilishidan oldin, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga qabul qilinayotganlar esa harbiy-tibbiy muassasada tibbiy koʻrikdan oʻtishlaridan oldin mazkur tekshiruvdan oʻtkaziladi.

Tibbiy tekshiruv ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab peshob namunasi ekspress-test orqali tekshiriladi. Musbat natija qayd etilgan taqdirda peshob va (yoki) qon namunalarida mass-spektrometrik identifikatsiya tekshiruvi oʻtkaziladi.

Tibbiy tekshiruv natijalari musbat boʻlgan yoki zarur biologik namunalarni topshirishdan bosh tortgan fuqarolar harbiy-tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmaydi.

Shuningdek, tibbiy tekshiruv davomida olingan shaxsga oid maʼlumotlar, biologik namunalar va tekshiruv natijalarining maxfiyligi taʼminlanadi.