Organizmning ushbu murakkab aʼzosi 100 milliard neyron va trillion hujayralardan tashkil topgan. Bu maʼlumotlar markaziy asab tizimi kasalliklari muolajasida miyaga tigʻ tekkizish naqadar murakkab amaliyot ekanligini tasdiqlaydi.

Neyroxirurgiya ayni shu faoliyat, yaʼni miya va orqa miya, shuningdek, uning periferik boʻlimlarini operatsiya orqali davolash bilan shugʻullanadi.

— Hozir mamlakatimiz boʻyicha bu yoʻnalishda nuqson bilan tugʻilish, umurtqa pogʻonasi degenerativ-distrofik kasalliklari hamda markaziy nerv tizimi qon tomirlari xastaliklari eng yuqori oʻrinlarni egallaydi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Ulugʻbek Asadullayev. — Muassasamizda ana shunday minglab bemorlarda murakkab va noyob operatsiyalar oʻtkazyapmiz.

Shuningdek, hududiy filiallarimizda 100 ga yaqin turdagi neyroxirurgik amaliyotlar bajarilyapti. Ularning yarmini yuqori texnologik operatsiyalar tashkil etadi. Bundan tashqari, ilgʻor muolaja usullari hududlardagi davolash muassasalarining neyroxirurgiya boʻlimlarida ham joriy etilgan.

Xususan, yaqinda muassasamizda ilk bor bosh miya yarim sharlarining nutq va harakat markazlari faoliyatini saqlab qolish maqsadida 3 nafar bemorda “Awake Surgery”, yaʼni “uygʻoq jarrohlik” usulida noyob operatsiyalar oʻtkazildi.

Shuningdek, Jizzax viloyatida birinchi marta endovaskulyar usulda bosh miya qon tomirlari anevrizmasida yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti bajarildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2 nafar va Sirdaryo viloyatida 1 nafar bemorda yuqori texnologik neyrojarrohlik muolajasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Ayni paytda markazda turli ogʻriq sindromlarini operatsiyasiz va asoratsiz bartaraf etuvchi Radiochastotalik ablyatsiya davolash texnologiyasi ishlab turibdi. Endovaksulyar jarrohlik amaliyoti, intraoperatsion neyromonitoring imkonini beruvchi neyrofiziologik usuldagi muolajalardan keng foydalanilyapti.

Shuningdek, bu yerda qoʻllanilayotgan tutqanoq kasalligini zamonaviy usulda davolash metodikasi qoʻshni davlatlardan ham murojaatlar sonining oshishiga xizmat qilyapti.

Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.