"Nihol"dagi bolajonlarga shodlik ulashildi

    Ijtimoiy hayot 12 Iyun 2021 2545

    2006-yilda Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi tomonidan 12-iyun – “Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni” deb eʼlon qilingan. Dunyoning 130 dan ortiq mamlakatlarida shu sanada kasaba uyushmalari tomonidan turli tadbirlar oʻtkazib kelinadi.

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi bir ovozdan 2021-yilni “Bolalar mehnatiga qarshi kurashish xalqaro yili” deb eʼlon qilish toʻgʻrisida Rezolyutsiya qabul qildi va Xalqaro Mehnat Tashkilotini uni amalga oshirishda yetakchilik qilishini taklif etdi. Koʻp davlatlar qatori Oʻzbekiston ham 1992-yildan Xalqaro Mehnat Tashkilotiga aʼzo boʻlgan.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, bugun Respublikamizning barcha viloyatlarida “Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni”ga bagʻishlab turli tadbirlar oʻtkazilmoqda.

    Ana shunday tadbirlardan biri Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Fargʻona viloyat Kengashi tomonidan Quvasoy shahridagi “Nihol” bolalar oromgohida “Bolalar mehnatiga barham berish uchun hozir harakat qiling!” shiori ostida tashkil etildi.

    Tadbirni viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi raisi E.Nuraliyev kirish soʻzi bilan ochib, Xalqaro Mehnat Tashkiloti 2002-yilda birinchi marta “Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni”ni oʻtkazgani va bundan maqsad ushbu muammoga barchaning eʼtiborini jalb qilish va uni bartaraf etish choralarini koʻrishdan iboratligini taʼkidladi.

    Shu kuni oromgohda bolajonlar uchun sport va sanʼat namoyondalari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Iqtidorli bolalar ishtirokida “Bolalar mehnatiga barham berish uchun hozir harakat qiling!” shiori ostida rasm chizish, sportning shaxmat-shashka va stol tennisi boʻyicha musobaqalari oʻtkazildi. Ayniqsa, tadbir yakunida 200 dona turli rangdagi sharlarning osmonga uchirilishi bolajonlarga olam-olam quvonch ulashdi.

    Abror Otaboyev,

    Fargʻona viloyati kasaba uyushmalari

    tashkilotlari birlashmasi kengashi

    Yoshlar masalalari boʻyicha rais maslahatchisi.