Bugun zamon boshqacha: nafaqat mehnat, balki til — ayniqsa, ingliz tili — bu orzularni ro‘yobga chiqaruvchi eng kuchli kalitga aylangan.

Ingliz tilini bilish — bu endi shunchaki qo‘shimcha bilim emas, balki hayotingizdagi burilish nuqtasiga aylanishi mumkin bo‘lgan imkoniyatdir. Zero, dunyodagi eng nufuzli universitetlar — Harvard, MIT, Cambridge, Oxford, Yale — barchasi ingliz tilida ta’lim beradi. U yerlarda tahsil olayotgan yoshlar orasida bugun O‘zbekistonliklar ham bor. Ular bizning yurtdoshlarimiz. Oddiy oilalardan chiqqan, ammo orzulari yuksak bo‘lgan, intilgan, harakat qilgan, eng muhimi — ingliz tilini o‘rgangan va uni hayotida qurolga aylantirgan insonlar.

Bu til orqali siz nafaqat ilm-fan olamiga kirib borasiz, balki o‘zingizni butun dunyoga tanitish imkoniga ega bo‘lasiz. Endi sizda cheksiz manbalar ochiladi: Nobel mukofotiga loyiq asarlar, ilg‘or ilmiy maqolalar, yirik professorlarning ma’ruzalarini asl holida o‘qish va tushunish imkoniyati. Bu esa sizni zamonaviy bilim bilan qurollantiradi, dunyoqarashingizni o‘zgartiradi.

Ingliz tilini bilgan yosh — bu o‘z orzusiga ishonadigan, cheklovlardan qo‘rqmaydigan, bugungi zamon imkoniyatlarini qadrlay oladigan yoshdir. Axir har bir til yangi dunyo eshigidir. Ingliz tili esa butun dunyoga olib chiqadigan eshikdir.

Bu til sportchilar uchun ham katta imkoniyatlar ochadi. Bugun dunyo miqyosida tanilgan sportchilar intervyularni ingliz tilida beradi, chet ellik murabbiylar bilan bevosita muloqot qiladi, xalqaro turnirlar va musobaqalarda til orqali ishonch bilan harakat qiladi. Ingliz tilini bilgan sportchi nafaqat jismoniy jihatdan, balki intellektual jihatdan ham raqobatbardosh bo‘ladi. U o‘zini dunyo sahnasida erkin tuta oladi, shartnomalarni tushunadi, o‘z huquqini himoya qila oladi, xalqaro sport qonun-qoidalarini o‘qiydi, o‘rganadi, yangiliklardan xabardor bo‘ladi.

Messi, Ronaldo yoki Muhammad Ali kabi afsonalar ham faqat o‘yin bilan emas, balki dunyo bilan gaplasha olganlari uchun unutilmas bo‘lishgan. O‘zbekistonlik sportchilar ham bu yo‘ldan borishi mumkin — agar tilni bilsa, ular dunyo sahnasiga bemalol chiqishadi. Ingliz tili sportchining orqasidagi yengilmas qurol, uning ovozi, uning yuragidagi ishonch bo‘la oladi.

Biz ko‘p hollarda o‘zimizni ortiqcha kamsitamiz: “Men oddiy o‘qituvchining farzandiman”, “Bizning sharoitda bu mumkin emas”, deymiz. Lekin tarix va bugungi kun isbotlayaptiki, til o‘rganish — bu boylik bilan emas, irodangiz bilan o‘lchanadi. Telefoningizda ijtimoiy tarmoqlarda vaqt sarflash o‘rniga, bir kuningizni bir soatgina ingliz tiliga ajratsangiz, oradan bir yil o‘tgach, siz boshqa odamga aylanasiz. Bilimdon, ishonchli, mustaqil fikrlaydigan, dunyo bilan teng raqobatlasha oladigan yoshga aylanasiz.

Balki siz dunyoning eng zo‘r universitetida o‘qirmassiz. Lekin siz bu til orqali dunyoning eng zo‘r imkoniyatlariga ochilasiz. Balki siz Harvardga kira olmassiz, lekin Harvard darajasidagi bilimga ega bo‘lishingiz mumkin. Faqat boshlang. Harakatni bugun boshlang. Har bir yangi o‘rganilgan so‘z, har bir eshitilgan jumla sizni orzuingizga bir qadam yaqinlashtiradi.

Bugun siz "Salom" deysiz. Ertaga siz diplomatik suhbatda qatnashasiz. Bugun siz tarjima qilasiz. Ertaga siz o‘zingiz maqola yozasiz. Bugun siz darslik o‘qiysiz. Ertaga siz ilm yaratasiz.

Va nihoyat, ingliz tilini o‘rganish — bu shunchaki til emas, bu o‘z orzu va maqsadlaringizga sodiq qolishning, o‘zingizga bo‘lgan ishonchning, kelajakka qo‘yilgan sarmoyaning ifodasidir.

Dunyo sizni kutmoqda. Til o‘sha dunyoga eltadigan ko‘prikdir.

Nodiraxon Xatamova,

Toshkent davlat yuridik universiteti o`qituvchisi