Ozarbayjon Respublikasi Prezident Ilhom Aliyev tomonidan 2021-yilning “Nizomiy Ganjaviy yili” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan buyuk shoir hayoti va ijodiga bagʻishlangan qator chora-tadbirlar va loyihalar rejalashtirilgan.

Toshkent shahridagi Geydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazida Oʻzbekistonda “Nizomiy Ganjaviy yili”ning ochilishi marosimi boʻlib oʻtdi. Unda olimlar, pedagoglar va madaniyat arboblari, Toshkent shahridagi yirik oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchi va talabalari, yetakchi oliy taʼlim muassasalari mutaxassislari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar “Nizomiy Ganjaviy yili”ga bagʻishlangan maxsus koʻrgazma va Nizomiyning yettita asari qahramonlari ishtirokidagi kompozitsiya bilan tanishdilar. Shuningdek, shoirning oʻzbek tilida yaqinda chop etilgan asarlari taqdim etildi. Madaniyat markazi badiiy toʻgarak aʼzolarining suratlar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi, buyuk shoir Nizomiyning miniatyuralari va hikmatli soʻzlarini yaratish boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi.

Tadbir ishtirokchilariga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti talabalari tomonidan buyuk Nizomiy Ganjaviy asarlaridan tayyorlangan badiiy kompozitsiya taqdim etildi.

Yil davomida Toshkentda turk olamining nizomiyshunos olimlari ishtirokida “Nizomiy Ganjaviy hayoti va ijodi” mavzusida xalqaro ilmiy anjumanlar, Markaziy koʻrgazmalar zalida Nizomiyning Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Turkiyada saqlanayotgan asarlari asosida miniatyuralar nusxalari koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi.

“Oʻzbekiston-Ozarbayjon” doʻstlik jamiyati ijrochi direktori, Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universiteti professori Erkin Nuriddinovning qayd etishicha, 2021-yil Ozarbayjon va oʻzbek xalqlari uchun juda ahamiyatli. Jumladan joriy yilda Nizomiy Ganjaviyning 880, Alisher Navoiy tavalludining esa 580-yilligi joylarda keng nishonlanmoqda.

Tadbir soʻngida Oʻzbekistonda taniqli maqom ustasi, xalq qoʻshiqlari ijrochisi Davron Qodirov Nizomiy gʻazallari bilan aytiladigan qoʻshiqlardan namunalar ijro etdi.