Ikki kishi oʻrtasidagi nizoni janjallashib hal qilishga uringan guruhlar qoʻlga olindi

    Joriy yilning 31-mart kuni Urganch tumani “Bogʻdorchi” mahallasi hududida 30 nafarga yaqin fuqaro oʻzaro guruh-guruh boʻlib mushtlashmoqchi boʻlganida qoʻlga olindi.

    Bu haqda Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

    Hodisa joyiga zudlik bilan yetib borgan viloyat IIB va DXX boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan oʻzaro hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu guruhlar oʻrtasida rejalashtirilgan oʻzaro janjalning oldi olinishiga erishildi.

    Aniqlanishicha, ushbu ikki guruh tarkibida boʻlgan 2 nafar shaxs oʻrtalarida kelib chiqqan oʻzaro nizoni tanishlarini jalb qilgan holda, guruh-guruh boʻlib janjallashib hal qilishga uringan.

    Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 9 nafar shaxs ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi, shuningdek hodisa ishtirokchisi boʻlgan yana 6 nafar shaxs Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183 (Mayda bezorilik) va 194-moddalariga (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olindi.