Sanoat ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha kombinat tomonidan joriy yilda zarur mablagʻlar ajratilib, hozirgi kunda kombinat balansidagi elektr tarmoqlarining 253 kilometri mavsumga shay holatga keltirilib, 269 ta podstansiya joriy taʼmirlandi. Issiqlik tarmoqlarining 16 kilometri joriy hamda kapital taʼmirlanib, 12 ta qozonxonaning 68 ta qozoni joriy taʼmirdan chiqarildi. Suv taʼminoti obyektlarining 19,2 kilometr tarmoqlari joriy hamda kapital taʼmirlandi, 100 dan ortiq suv nasoslari mavsumga shay holatga keltirildi.
— Barcha ishlab chiqarish obyektlarida 24 soat faoliyat olib boradigan tezkor avariya guruhlari tuzilib, maxsus texnika va kerakli materiallar ajratilgan. Kombinat ishlab chiqarish tarmoqlarining bir maromda, barqaror, betalofat ishlashi taʼminlanadi. Bunga barcha imkoniyatlar mavjud, — deydi “NKMK” AJ bosh energetigi oʻrinbosari Ikromjon Shukurlayev.
Shuningdek, gaz taʼminoti tizimlarining tarmoqlari hamda 63 ta gaz taqsimlash punktlari ham mavsumga tayyor. Ishlab chiqarish obyektlarining 21 ming metr kvadrat tom qismi joriy va kapital taʼmirlandi. Hozirgi kunda kombinatda 1 800 tonna mazut yoqilgʻisi va 1 000 tonna texnik tuz zaxirasi shakllantirildi.
“NKMK” AJ Matbuot xizmati
Reklama