Kinematografiya agentligi delegatsiyasi “NKMK tarixi” muzeyida boʻlib, kombinat tarixi, keyingi yillarda ishga tushirilgan yangi korxonalar hamda noyob tabiiy qazilmalarga boy Qizilqum zaminining qadimiy tarixi va buguni bilan yaqindan tanishdi.
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida “NKMK” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori Q.Sanaqulov va Kinematografiya agentligi direktori Sh.Rizayev boshchiligidagi delegatsiya vakillari oʻrtasida uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyunda qabul qilingan “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bagʻishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori bilan tasdiqlangan 2024-2027-yillarga moʻljallangan “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish dasturi ijrosini taʼminlash boʻyicha rejalashtirilgan ishlar muhokama etildi. Xususan, “Tirik tarix” filmlar turkumi dasturiga 54 ta kinoloyiha kiritilgan boʻlib, shundan 21 tasi badiiy, 33 tasi badiiy-publitsistik filmdir.
Uchrashuv yakunida mazkur dastur ijrosini taʼminlash, xalqimiz uchun tarixiy filmlarni yaratish boʻyicha Kinematografiya agentligi va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
"NKMK" AJ matbuot xizmati
Reklama