Loyihadan maqsad — fuqarolik jamiyatiga Oʻzbekistondagi boshqaruv va rivojlanish jarayonlarida taʼsirchan subyekt sifatida ishtirok etishga imkon berish. Uning doirasida fuqarolik jamiyati hamda Xorazm, Qashqadaryo, Fargʻona viloyatlarining mahalliy hokimlik organlarida aloqalar, innovatsiyalar va jamoatchilik kengashlarini tashkil etishga koʻmaklashish orqali salohiyatini oshirish nazarda tutilgan.

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda fuqarolar, NNTlarning, shu jumladan davlat va jamoatchilik boshqaruvida faolligi kuzatilmoqda. Xususan, davlat dasturlari hamda qonunchilik hujjatlari jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilmoqda, fuqarolarning fikrlari, murojaatlari, tashabbus va takliflarini qabul qilish uchun platformalar ishga tushirildi, davlat organlari qoshida jamoatchilik kengashlari tuzilmoqda, Prezident huzurida Jamoatchilik palatasi tashkil etildi.

Hokimliklar va xalq oʻrtasida samarali muloqot, jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish hamda fuqarolarni qarorlar qabul qilish jarayoniga yana-da keng jalb etish davlat boshqaruv organlarining aholi oldidagi masʼuliyatini oshirishga, ularning faoliyatining ochiq va hisobdorligini taʼminlashga imkon beradi.

“Yuksalish” UMH va ACTED loyihasi doirasida Oʻzbekistonning fuqarolik jamiyati institutlariga boshqaruvchilikda faol subyekt sifatidagi rolini mustahkamlash uchun vositalar taqdim qilishga harakat qilinmoqda.

Joriy yil 7-maydan 25-mayiga qadar Xorazm, Qashqadaryo va Fargʻona viloyatlaridagi pilot NNTlarni saralash tanlovi oʻtkazildi. Unda 50 ga yaqin arizalar qabul qilindi, arizalarni xalqaro tashkilotlar vakillari, jamoat tizimi mutaxassislari, parlament aʼzolaridan iborat ekspert komissiyasi koʻrib chiqdi.

— Joylardagi vaziyatning dastlabki oʻrganishlari shuni koʻrsatdiki, bir necha hududlarda NNT va fuqarolarda davlat hokimiyat organlari bilan oʻzaro aloqa qilishlarida murakkabliklar bor, — deydi ACTED loyihasi menejeri Shahnoza Jabborova. — Xususan, Xorazm, Qashqadaryo va Fargʻona viloyatlarida yashovchi aholi va jamoat tashkilotlarida maslahatlashuvlar oʻtkazish, fuqarolar talabiga mahalliy hokimliklarning munosabat bildirishida qiyinchiliklar mavjud. Bu esa hokimiyatga boʻlgan ishonchni kamaytiradi. Shuning uchun loyihada mazkur uchta hududga eʼtibor qaratilmoqda. NNT fuqarolarni mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashda asosiy boshqaruv subyekti sifatida ishtirok etib, muhim ahamiyat kasb etadi. Ular fuqarolarning manfaatlarini samaraliroq himoya qiladi, shu bois NNT faollari odamlar bilan oʻzaro til topishishning zarur shakllarini biladi.

— “Yuksalish” UMHning asosiy vazifalaridan biri — davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatlarining boshqa institutlari saʼy-harakatlarini, jamiyatning turli sohalaridagi islohotlarni amalga oshirishda fuqarolarning ishtirokini birlashtirish hisoblanadi, — deydi loyiha rahbari Aziz Baratov. — “Innovatsiya va hamkorlik orqali fuqarolik jamiyati va mahalliy hokimiyat organlari oʻrtasidagi shaffof va inklyuziv boshqaruv” loyihasi ham ushbu maqsadlarga yoʻnaltirilgan. Faoliyat yoʻnalishlarida fuqarolik jamiyati tashkilotlari hamda mahalliy hokimliklar potensialini oshirish, boshqaruv va jamoatchilik nazoratiga jamoatchilik kengashi orqali mahalliy darajasida inklyuziv jarayonlarni tatbiq etish belgilab olingan. Qarorlar qabul qilinishida fuqarolik jamiyatining konstruktiv ishtirokini kengaytirish koʻzda tutilgan.