NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarida faollik va tashabbuskorlik boʻlishi zarur

    Mamlakatimizda jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish, davlat va jamiyat oʻrtasida oʻzaro yaqin va mustahkam hamkorlikni oʻrnatish masalasi yana-da dolzarblik kasb etayotganini nazarda tutgan holda, oldimizda turgan maqsadlarga erishishimiz tub negizida jamoatchilik nazorati turishini, bundan keyin ham nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash davom etishi, sohaga yangicha yondashuv va munosabat zarurati borligini har doim yodda tutmogʻimiz kerak.

    Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar samarasida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash orqali sohani jadal rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

    Taʼkidlash joizki, mamlakatni modernizatsiyalashning hozirgi bosqichida fuqarolik jamiyati institutlari muhim oʻrin tutadi. Shu bois, mamlakatimizda ularni yana-da rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Zero, siyosiy partiyalar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, OAV va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlar fuqarolik jamiyatining negizini tashkil qiladi. Ular xalqimizning huquqiy ongi, madaniyati, siyosiy va fuqarolik faolligi oshishiga, milliy oʻzlikni tanitishga, maʼnaviy tafakkur boyishiga, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va maʼrifiy maqsadlarga erishish hamda boshqa nomoddiy ehtiyojlar qondirilishiga bevosita taʼsir etadi. Bir soʻz bilan aytganda, yurtimizda adolatli huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish masalasi oldimizga qoʻyilgan ustuvor maqsadlardan biridir.

    Darhaqiqat, keyingi yillarda qabul qilingan qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining erkin, barqaror va tizimli rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratdi.

    Ushbu meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning izchil va bosqichma-bosqich qabul qilinishi natijasida, tegishli infratuzilma – shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda vositachi sifatida ishtirok etuvchi, fuqarolarning ijtimoiy manfaatlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashuvchi koʻplab nodavlat notijorat, jamoat tashkilotlari, birlashmalar, fondlar, kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyati rivojlandi va yildan yilga takomillashmoqda.

    Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan
    2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida ham fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishi sifatida belgilandi.

    Sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Prezidentimizning 2021-yil 3-martdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori va shu yil 4-martdagi “2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning zamonaviy bosqichida yangi sahifa ochdi.

    Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokchi va hamkor sifatida nodavlat notijorat tashkilotlari rolini yana-da oshirish, ularning huquqlari, qonuniy manfaatlari himoyasini mustahkamlash, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash koʻlamini kengaytirish hamda qulay shart-sharoitlar yaratishdir.

    Mazkur hujjatlar bilan 2021-yilning 1-martidan boshlab qonunchilikda nodavlat notijorat tashkilotlar uchun bir qator imtiyoz va qulayliklar joriy etildi.

    Jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni xabardor qilgan (maʼlumot uchun) holda xorijiy manbalardan olinadigan pul mablagʻlari va mol-mulkning bir kalendar yilidagi jami summasi bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 100 baravarigacha oshirildi. Mazkur normaning belgilanishi natijasida nodavlat notijorat tashkilotining roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bilan mol-mulk olishni kelishish jarayoni yana-da soddalashtirildi.

    Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotini qayta roʻyxatdan hamda uning ramzini davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddati 1 oydan 15 kungacha qisqartirildi. Nogironligi boʻlgan shaxslar, faxriylar, nuroniylar, xotin-qizlar, bolalar jamoat birlashmalari ramzlarini davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazish uchun davlat boji undirilmasligi belgilandi.

    Endilikda nodavlat notijorat tashkilotining alohida boʻlinmasi yuridik shaxs hisoblanadi, alohida boʻlinmalarni hisobga qoʻyish tartibi bekor qilindi. 2021-yilning 1-martidan esa nodavlat notijorat tashkilotining alohida boʻlinmasini faqat yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi belgilanayotgani roʻyxatdan oʻtkazishning yagona tartibini belgilab, alohida boʻlinmaning moliyaviy mustaqilligi va barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.

    Shu bilan birga, oʻz faoliyatini viloyat, tuman, shahar, shaharcha, qishloq va ovul hududida olib boradigan NNT hududiy nodavlat notijorat tashkilotlari hisoblanib, ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun BHMning 50 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.

    Farmonga koʻra, bir qator NNTlar uchun muhim maqsadli koʻrsatkichlar belgilanganini alohida taʼkidlab oʻtish oʻrinlidir. Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qoʻllab-quvvatlash hajmini 2021-yilda kamida 1,2 barobarga, 2025-yilda esa 1,8 barobarga oshirish koʻzda tutilmoqda.

    Ayni paytda yurtimizda 10 mingga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari davlat organlari bilan bir qatorda ijtimoiy sheriklik tamoyillari asosida strategik jihatdan muhim axamiyat kasb etuvchi maqsadlarni amalga oshirish yoʻlida samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

    Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi aʼzolari sonini jami faoliyat koʻrsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari soniga nisbatan 2021-yilda 10 foizga, 2025-yilda 30 foizga yetkazish belgilanib, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan yuqori turuvchi tashkilotlarga qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan kiritilgan takliflarning umumiy sonini 2021-yilda 1000 taga, 2025-yilda 5000 taga yetkazilishini taʼminlash vazifasi qoʻyilmoqda.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondlariga 2021-yilda 16 milliard soʻm, 2025-yilda 70 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratish, joriy yilda 50 ta, 2025-yilda esa 250 ta nodavlat notijorat tashkiloti rahbarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida qayta tayyorlash va malakasini oshirish rejalashtirilmoqda.

    Shu bilan birga, 2021-yil 1-apreldan boshlab nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilindi. Unga koʻra har yil yakunlari boʻyicha nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ijtimoiy sheriklik darajasi, ajratilgan subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtmalar natijadorligi hamda boshqa muhim faoliyat koʻrsatkichlariga asosan ularning reytingi eʼlon qilib boriladi.

    Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladi hamda indeks natijalari ularning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.

    Bundan tashqari, Ochiqlik indeksi natijasi boʻyicha “Eng shaffof nodavlat notijorat tashkilotlari top-20” va “Eng faol nodavlat notijorat tashkilotlari top-20” roʻyxatlari shakllantiriladi.

    Shaffoflik standartini joriy etgan nodavlat notijorat tashkilotlarini belgilangan tartibda ragʻbatlantirish choralari koʻriladi, ular tomonidan amalga oshirilgan ijobiy ishlar jamoatchilik oʻrtasida keng ommalashtiriladi.

    Shu bilan NNTlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga belgilangan tartibda koʻmak beriladi hamda davlat organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish choralari koʻriladi.

    Mazkur hujjatlarning qabul qilinishi yurtimizda “Kuchli davlatdan – kuchli fukarolik jamiyati sari” tamoyili asosida konseptual jarayonlarning yana-da faollashuvi, fuqarolik jamiyati institutlarining barcha tizimlarini rivojlantirish, NNTlarning davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi bilan bogʻliq ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, aholining turli qatlamlari vakillari ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, eng asosiysi, fuqarolarning joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonlariga shaxsiy daxldorlik tuygʻusini yana-da kuchaytirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

    Xulosa oʻrnida aytish joizki, yangi Oʻzbekiston yangi oʻn yillikka qadam qoʻygan bir davrda erishgan natijalarimizni mustahkamlash, amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samaradorligiga erishish nafaqat davlat organlari, balki nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan ham faollik, tashabbuskorlikni talab qiladi.

    Mamlakatimizda jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish, davlat va jamiyat oʻrtasida oʻzaro yaqin va mustahkam hamkorlikni oʻrnatish masalasi yana-da dolzarblik kasb etayotganini nazarda tutgan holda, oldimizda turgan maqsadlarga erishishimiz tub negizida jamoatchilik nazorati turishini, bundan keyin ham nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash davom etishi, sohaga yangicha yondashuv va munosabat zarurati borligini har doim yodda tutmogʻimiz kerak.

    Baxtiyor MASHARIPOV,

    Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari

    milliy assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari