Nobelning mukofot puli miqdori endi – 1 million dollar

    2020-yilda Nobelning har bir yoʻnalishi boʻyicha mukofot miqdori 10 million shved kronasiga (taxminan 1 million dollar) yetkaziladi.

    “Bu yil yutuqlari bizni ilhomlantiradigan va kelajakka umid baxsh etadigan laureatlarni qadrlash va qoʻllab-quvvatlash ayniqsa muhimdir. Yaqinlashib kelayotgan Nobel haftaligi munosabati bilan biz bu yil mukofot 1 million kronga (taxminan 100 ming dollar) koʻpaytirilishini eʼlon qilishdan mamnunmiz”, dedi Nobel jamgʻarmasi rahbari Lars Xeykensten.

    Taʼkidlanishicha, 2012-yildan buyon fondning investitsiya kapitali 3 milliarddan 4,6 milliard krongacha (300 dan 460 million dollargacha) oʻsdi, shu bilan bogʻliq ravishda har yili beshta Nobel mukofoti toʻlanadigan daromad oshdi.

    Nobel mukofotining hajmi 2011-yilgacha 10 million kronni tashkil etgan edi, oʻshanda Jamgʻarma daromadlari kamayganligi sababli u 8 milliongacha kamaytirildi. 2017-yilda mukofotlar 9 million kroongacha oshirildi.

    Adabiyot, kimyo, fizika, tibbiyot va tinchlik boʻyicha Nobel mukofotlari laureatlari 5-oktyabrdan boshlab eʼlon qilinadi. Anʼanaga koʻra sovrinlarni topshirish 10-dekabrda, Alfred Nobel vafot etgan kuni boʻlib oʻtadi. Bu yil dunyoda koronavirus tarqalishi sababli Stokgolm shahar meriyasida anʼanaviy ziyofat bekor qilinib, medal va diplom topshirish marosimi onlayn tarzda boʻlib oʻtadi.