Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga qo'shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

Loyiha bilan nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlik o'rnatilmoqda.

Unga ko'ra, huquqbuzarlik sodir etgan mansabdor shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 10 baravarigacha (1,7 mln. so'mdan 2,4 mln. so'mgacha), agar takroran sodir etilsa, 15 baravargacha (3,6 mln. so'mgacha) miqdorda jarima solinishi mumkin bo'ladi.

SHuningdek, loyihada mazkur huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, adliya organlari tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risida bayonnoma rasmiylashtirilishi va sudga taqdim etilishi nazarda tutilmoqda.

Loyiha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 martdagi PQ–5012-son “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori asosida ishlab chiqildi.

Qayd etish lozimki, avval bu kabi huquqbuzarlik uchun javobgarlik o'rnatilmaganligi sababli, nodavlat notijorat tashkilotlarini majburiy ravishda homiylik va boshqa ishlarga jalb qilish, tadbirlar o'tkazishga qarshilik qilish, ularga tegishli bo'lgan mol-mulklarni olib qo'yish, shuningdek, qonunchilikni buzgan holda ularga oid hujjatlarni (ma'lumotlarni) talab qilib olish va boshqa ko'rinishlardagi huquqbuzarliklar sodir etilgan.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi nodavlat notijorat tashkilotlarining erkin faoliyat yuritishiga yanada qulay imkon yaratib, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasidagi islohotlarning samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi.

Loyiha bilan mazkur havola https://regulation.gov.uz/uz/d/31826 orqali tanishishingiz mumkin.

Adliya vazirligi

jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi