Nodavlat tibbiyot tashkilotlarida virusga chalinganlarni davolash muddati 2022-yilning 1-yanvarigacha uzaytirildi

    Salomatlik 9 May 2021 1920

    Tegishli tashkilotlar taklifini inobatga olgan holda, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga koʻra, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga shoshilinch profilaktika va epidemiyaga qarshi choralar koʻrilishini talab qiluvchi yuqumli kasalliklar qatoriga kiritilgan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish huquqi, istisno tariqasida, 2022-yilning 1-yanvariga qadar uzaytirildi.

    Shuni unutmaslik kerakki, nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga xizmat koʻrsatish, koronavirus infeksiyasiga PZR va ekspress-test tekshiruvlari oʻtkazish faqatgina Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tegishli talablar asosida amalga oshiriladi.

    Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar va viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmalari bilan tuzadigan shartnomalariga muvofiq, davolash ishlarini amalga oshirish va sanitariya qoidalariga rioya qilish hamda tegishli hisobotlarni muntazam topshirib borish vazifasi yuklatildi.

    Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan shaxslarni davolash ishlarini www.bemor.ssv.uz dasturida olib borish majburiyati asosida amalga oshirish belgilandi.