Bu borada sayyohlarni yaqinidan tanishtirish maqsadida “Xonliklar davri o‘zbek milliy libosi tarixi” qo‘llanma kitobi nashrdan chiqarildi.
Qadimdan Markaziy Osiyo xalqlari o‘zining kiyinish madaniyati bilan alohida ajralib turgan va bu jihat Sharq va Gʻarb mamlakatlariga ham birmuncha ta’sir o‘tkazgani olimlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlarda o‘rganilmoqda. Jumladan, atlas, adras, ipak, beqasam va zardo‘zlik kiyimlari va ularning tayyor holatdagi jozibadorligi Markaziy Osiyo xalqlarining kiyinish madaniyati o‘ta yuqori bo‘lganligini ifodalaydi.
“Xonliklar davri o‘zbek milliy libosi tarixi” kitobi keyingi paytlarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan madaniy merosni asrab-avaylashga bo‘lgan chuqur e’tibor natijasida dunyo yuzini ko‘rmoqda. Bu orqali O‘zbekistonning turli hududlarining turli vaqtlardagi kiyinish madaniyati bilan yaqindan tanishish mumkin. Bundan tashqari, mazkur kitob ilmiy izlanuvchilar uchun aniq manzilli ma’lumotlarni o‘z ichiga qamrab olgan.
Kitobning yana bir ahamiyatli jihatlaridan biri shundaki, unda uchta xonlik davrida yashagan qoraqalpoq xalqining kiyinish madaniyati ham alohida manbalar asosida yoritilgan.
Bugungi kunda mamlakаtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar birinchi navbatda tub aholining milliy an’analari va qadryatlari bilan qiziqqan holda kiyinish madaniyati tarixini ham o‘rganishadi. Bu borada sayyohlarni yaqinidan tanishtirish maqsadida “Xonliklar davri o‘zbek milliy libosi tarixi” qo‘llanma kitobi nashrdan chiqarildi. Muallif Malika Qo‘ziyeva tomonidan nashr etilgan ushbu kitobda, asosan, Qo‘qon xonligi, Xiva xonligi hamda Buxoro amirligi davrida Markaziy Osiyo hududlarida yashovchi tub aholining qanday kiyinish madaniyatiga ega bo‘lganligi va ularning o‘rtasidagi o‘zaro farqli jihatlar haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Asarning bugungi kun uchun dolzarbligi shundaki, keyingi paytlarda aholining yashash tarzidagi yaqinliklari hamda almashinuvlari natijasida qorishib ketayotgan kiyinish madaniyatining aslida qanday ko‘rinishda va qanday kelib chiqqani asosini aniq misollarda dalillab beradi. Shuningdek, ushbu qo‘llanma mamlakat turizmining keng targ‘ib qilinishida xizmat ko‘rsatayotgan yo‘lboshlovchi — gidlar uchun asosiy manba sifatida nodir tarixiy faktlarni o‘zida birlashtirgan.