Nodirbek Abdusattorov 3,5 ochko bilan kuchli beshlikdan joy oldi

    Nodirbek Abdusattorov AQSHning Sent-Luis shahrida davom etayotgan “Sinquefield Cup-2024” turnirining kecha oʻtkazilgan 7-turida muvaffaqiyatga erishdi.

    Abdusattorov oq donalarda amerikalik Uesli Soga qarshi bahs olib bordi. Shiddatli kechgan uchrashuvning 38-yurish holatida AQSH vakili magʻlubiyatni tan oldi.

    — Mazkur turda quyidagi hisoblar qayd etildi:

    — Maksim Vashe Lagrav – Anish Giri 0,5:0,5;

    — Rameshbabu Pragnanandxa – Yan Nepomnyashiy 0,5:0,5;

    — Alireza Firuzja – Din Lijen 1:0;

    — Fabiano Karuana – Dommaradju Gukesh- 0,5:0,5.

    Ortda qolgan 7-tur oʻyinlaridan soʻng Nodirbek Abdusattorov 3,5 ochko bilan koʻrsatkichlar evaziga 5-oʻringa koʻtarilib oldi. Xuddi shuningdek, 3,5 ochko jamgʻarishga muvaffaq boʻlgan Dommaradju Gukesh, Maksim Vashe Lagrav, Uesli So, Rameshbabu Pragnanandxa 4-7-oʻrinlar oraligʻidan joy olgan. Xalqaro turnir yetakchiligi esa hozircha 4 ochkoga ega Alireza Firuzja va Fabiano Karuanaga tegishli boʻlib turibdi.

    Bugun oʻtkaziladigan 8-turda Nodirbek Abdusattorov qora donalarda jahon chempioni xitoylik Din Lijen bilan roʻbaroʻ keladi.

    Eslatib oʻtamiz, mukofot jamgʻarmasi 350 ming AQSH dollaridan iborat turnirda 1-oʻrin uchun 100 ming, 2-oʻrin uchun 65 ming, 3-oʻrin uchun 48 ming, 4-oʻrin uchun 32 ming, 5-oʻrin uchun 26 ming, 6-oʻrin uchun 21 ming, 7-oʻrin uchun 18 ming 500, 8-oʻrin uchun 16 ming, 9-oʻrin uchun 13 ming va 10-oʻrin uchun 10 ming 500 AQSH dollari beriladi.