Nodirbek Abdusattorov Champions Chess Tour-2023 turnirida 3-oʻrinni egalladi

    Sport 15 Dekabr 2023 657

    Shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov Champions Chess Tour-2023 turnirining yarim finalida kutilmagan xato tufayli imkoniyatni boy berib qoʻydi.

    Kanadaning Toronto shahrida shaxmat boʻyicha Champions Chess Tour Finals 2023 turniri boʻlib oʻtdi.

    Umumiy mukofot jamgʻarmasi 500 000 dollarni tashkil etuvchi ushbu musobaqaning final bosqichida Nodirbek Abdusattorov ham ishtirok etdi.

    Shu yilning 14-dekabr kuni yarim final bosqichi juftliklarining ikkinchi set bahslari oʻtkazildi. Birinchi juftlikda amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen amerikalik Fabiano Karuanani 3:2 hisobida magʻlub etdi.

    Ikkinchi yarim finalda esa Nodirbek birinchi setdagi ustunligini saqlab qola olmadi. Raqib Uesli So ikkinchi setda 2,5:1,5 hisobida gʻalaba qozonib, hisobni tenglashtirdi. Gʻolib nomini aniqlab bergan uchinchi setning ikki partiyasida ham durang natija qayd etildi. Finalchini aniqlagan armagedon partiyasida Nodirbek magʻlub boʻldi.

    Shu tariqa Abdusattorov turnirni 3-oʻrinda yakunladi. Oʻzbekistonlik grossmeyster 50 ming dollar mukofot pulini qoʻlga kiritdi.