Nodirbek Abdusattorov endi Vashye-Lagrav bilan kuch sinashadi

    Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida shaxmat boʻyicha davom etayotgan “Superbet Chess Classic Romania” turnirining ortda qolgan 3-turida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov musobaqada 2 ochko bilan yetakchilik qilayotgan amerikalik Fabiano Karianu bilan murosa yoʻlini tanladi.

    3-turda oʻtkazilgan Maksim Vashye Lagrav – Alirizo Firuzja, Dommaraju Gukesh – Rameshbabu Praggnanandha, Anish Giri- Yan Nepomnyashiy, Uesli So – Bogdan-Danyel Dyak uchrashuvlarida ham durang natija qayd etildi.

    Toʻrtinchi tur ostonasida Karuana va hindistonlik Dommaraju Gukesh 2 ochko jamgʻargan holda yetakchilik qilmoqda.

    Bugun, 29-iyun kuni oʻtadigan 4-turda Abdusattorov oq donalarda fransiyalik Maksim Vashye-Lagrav bilan kuch sinashadi.

    Aytish lozim, “Superbet Chess Classic Romania” turniri “Grand Chess Tour” turkumidagi 5 ta turnirning birinchisi, umumiy mukofot jamgʻarmasi 1,5 million AQSH dollari etib belgilangan.

    Ruminiyada oʻtkazilayotgan “Superbet Chess Classic Romania” musobaqasining mukofot jamgʻarmasi esa 350 ming AQSH dollarini tashkil qiladi. Turnir gʻolibi 100 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.

    Musobaqalar 5-iyulgacha davom etadi.