Buyuk Britaniyaning London shahridagi Emirates Stadium majmuasida shaxmat boʻyicha London Chess Classic 2025 turniri boʻlib oʻtdi.
Musobaqada dunyoning eng kuchli 10 nafar shaxmatchisi qatorida yosh grossmeysterimiz Nodirbek Abdusattorov ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Birinchi turda britaniyalik grossmeyster Gauayn Jones bilan durang qayd etgan hamyurtimiz keyingi oltita turda ketma-ket gʻalaba qozondi.
Ikkinchi turda oq donalarda AQSH sharafini himoya qilayotgan hindistonlik Mishra Abhimanyuni,
Uchinchi turda qora donalarda Angliya sharafini himoya qilayotgan rossiyalik grossmeyster Nikita Vityugovni,
Toʻrtinchi turda esa 54 yoshli britaniyalik chempion Michael Adamsni magʻlub etdi.
Beshinchi turda qora donalarda AQSH chempioni Sam Shanklandni taslim qilgan edi. Mazkur turda faqat Abdusattorov gʻalaba qozondi, qolgan barcha uchrashuvlar durang bilan yakunlandi.
Yettinchi turda Abdusattorov oq donalarda ingliz grossmeysteri Luke McShaneni magʻlub etib, ketma-ket oltinchi gʻalabasini qoʻlga kiritdi. Shu tariqa u 6,5 ochko bilan musobaqa jadvalida yakka peshqadamlikni davom ettirdi.
Uning eng yaqin taʼqibchisi — turnirning birinchi raqam ostida ishtirok etayotgan Fransiyalik Alireza Firouzja undan 2 ochkoga ortda bordi. 8-turda ular oʻzaro toʻqnash kelishdi.
Abdusattorov kecha minimal vazifani uddaladi. U garchi Alirizo Feruzja bilan bahsda ustunlikka ega boʻlsa ham, lekin tavakkal qilib oʻtirmadi va durang natija qayd etdi. Bu orqali u muddatidan avval chempionlik masalasini hal qildi.








