Mukofot jamgʻarmasi 150 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur turnirda sayyoramizning eng kuchli grossmeysterlari ishtirok etyapti. Ular orasida hamyurtimiz, rapid yoʻnalishi boʻyicha amaldagi va shu bilan birga eng yosh jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov (2651) ham bor.
Kecha tunda dunyoning 16 nafar kuchli grossmeysterlari yana 4 ta partiyada oʻzaro dona surishdi va quvonarlisi, Abdusattorov oʻtkazilgan partiyalarida magʻlubiyatga uchramadi. Aksincha, reytingda oʻzidan yuqorida turgan nomdor raqiblaridan ochko tortib oldi.
Yosh grossmeysterimiz 9-turda hindistonlik Pragnanandxa (2612) bilan durang oʻynadi. 10-turda vyetnamlik Liyem Kuang Le (2709) ustidan chiroyli gʻalabaga erishdi. Keyin musobaqa jadvalida 3-oʻrinda borayotgan kanadalik Erik Xansen (2606)ni magʻlubiyatga uchratdi. 12-turda esa xitoylik Liren Ding (2799) bilan murosaga keldi. Nodirbek 4 ta partiyada 2 gʻalaba va 2 durang qayd etdi.
Maʼlumot uchun, 16 xalqaro grossmeyster ishtirokidagi musobaqa rapid yoʻnalishida oʻtkazayotgan boʻlib, dastlab ishtirokchilar 15 turdan iborat saralash bosqichida oʻzaro kuch sinashadi. Shaxmatchilar toʻplagan har bir ochkosi uchun 250 dollardan mukofot olishadi. Saralash bosqichi yakuniga koʻra eng yaxshi natija qayd etgan 8 nafar shaxmatchi pley-off bosqichida gʻoliblik uchun kurash olib boradi. Bu bosqichda har bir oʻyin muhim ahamiyatga ega va yutqazgan shaxmatchi uchun musobaqa tugaydi.
Eslatib oʻtamiz, yaqinda Polshada oʻtkazilgan jahon chempionatida Nodirbek Abdusattorov Magnus Karlsenni shov-shuvli tarzda magʻlubiyatga uchratgan edi. Oʻsha gʻalaba tasodifiy boʻlmagani kechagi uchrashuvda oʻz isbotini topdi.