Nodirbek Abdusattorov rapid yo'nalishida chempion!

    Sport 20 Dekabr 2022 1362

    Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida shaxmat bo'yicha nufuzli xalqaro turnir davom etmoqda.

    Vugar Gashimov xotirasiga bag'ishlab o'tkazilayotgan an'anaviy musobaqada dunyoning nomdor 10 grossmeysterlari qatorida rapid bo'yicha amaldagi jahon chempioni, Butunjahon shaxmat olimpiadasi g'olibi Nodirbek Abdusattorov ham bosh sovrin uchun dona suryapti.

    Quvonarlisi, musobaqaning hozirgina yakuniga etgan rapid yo'nalishidagi bahslarida hamyurtimiz o'z peshqadamligini saqlab qolgani holda turnir chempioniga aylandi. Nodirbek uchinchi kun dasturida 1 g'alaba va 2 durang natija qayd etdi va 14 ochko bilan xalqaro xotira turniri g'olibligini qo'lga kiritdi.

    Abdusattorov 7-turda eng yaqin ta'qibchisi ozarbayjonlik Rauf Mamedovni mag'lubiyatga uchratdi. Ruminiyalik Richard Rapport hamda so'nggi turda hindistonlik Gukesh bilan durangga rozi bo'ldi. Yakunda 9 partiyadan 5 tasida g'alaba, 4 tasida durang o'ynab, musobaqani mag'lubiyatsiz yakunladi.

    Ertadan shaxmatchilar blits yo'nalishida musobaqani boshlashadi.

    Hamyurtimiz ishtirokidagi bugungi o'yinlar:

    7-tur. Nodirbek Abdusattorov - Rauf Mamedov (Ozarbayjon) 1:0

    8-tur. Nodirbek Abdusattorov - Richard Papport (Ruminiya) 0,5:0,5

    9-tur. Gukesh (Hindiston) - Nodirbek Abdusattorov 0,5:0,5

    Yakuniy turnir jadvali: Nodirbek Abdusattorov – 14 ochko, Val`exo, Mamedov - 12, Van Xao - 10, Rapport, Mamed'yarov - 8, Gadimbeyli, Gukesh - 7, Shenklend, Suleymanli – 6.