“Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bagʻishlangan tadbirda taʼkidlanganidek, nogiron bolalarni tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarida koʻrikdan oʻtkazish qoidalarida byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlari bolalarning nogironligi boʻlgan bola deb topilishi asosli ekanligini aniqlash maqsadida ularni qaytadan ekspertizaga yuborishi nazarda tutilgan.
Bu esa, amaliyotda nogironligi shundoq koʻrinib turgan yoki tasdiqlangan bolaning qaytadan komissiya tekshiruvidan oʻtkazilishiga, ayrim hollarda tashxisga aniqlik kiritish uchun davolash-profilaktika muassasasiga qoʻshimcha tekshirishga yuborilishiga va maʼlum bir davr mobaynida bola va yaqinlarining ovoragarchiligiga sabab boʻlar edi.
Shu bois, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan bolalarning nogironligi asosli belgilanganligini aniqlash maqsadida ularni byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlari yoʻllanmasiga asosan takroran ekspertizaga yuborish tartibi bekor qilinadi.