Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili(ombudsman)ga Surxondaryo viloyati, Boysun tumanida yashovchi nogiron farzandi bor, yolgʻiz ona X.Y tomonidan uy-joyi asossiz tortib olinayotgani boʻyicha murojaat kelib tushgan. Kam taʼminlangan oilalar roʻyxatida turuvchi fuqaro X.Y oʻz murojaatida farzandlaridan biri 2-guruh nogironi ekanligini bildirgan. Shuningdek, murojaat muallifi nogironligi boʻlgan bolasiga alohida parvarish kerakligi sababli roʻzgʻorni farzandi uchun beriladigan nafaqa puli orqali tebratishini bildirgan.
Ushbu murojaatni nazoratiga olgan Bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusova holatni oʻrganish davomida ushbu oilaga 2018-yilda Boysun tuman hokimligi tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash maqsadida sertifikat asosida namunaviy uylardan biri berilganligi, lekin, fuqaro oylik kredit toʻlovlarini toʻlashga qoʻli kaltalik qilgani sababli 3 oydan soʻng turar-joy olib qoʻyilganligi aniqlandi. Yolgʻiz onaning soʻzlariga koʻra, unga karantin davrida ham hokimlik tomonidan moddiy yordam koʻrsatilmagan.
Mazkur murojaat yuzasidan Bola huquqlari boʻyicha vakil Surxondaryo viloyati hokimligiga murojaat qilib, fuqaroning turmush sharoitini inobatga olib uning muammolari zudlik bilan hal etilishini va muntazam ravishda ushbu oilaga moddiy yordam koʻrsatilishini soʻragan.
Natijada uyi asossiz ravishda tortib olingan fuqaroning uy uchun toʻlashi kerak boʻlgan jami 19.000.000 (oʻn toʻqqiz million) soʻm viloyat hokimligining homiylik mablagʻlari hisobidan toʻlab berildi. Shuningdek, murojaatchi “Temir daftar”ga kiritish orqali uni doimiy ravishda oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanishiga erishildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili
(ombudsman) matbuot xizmati