Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi boʻyicha parlament komissiyasi, BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasi, BMTning Oʻzbekistondagi Taraqqiyot dasturi va Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ikki kunlik Forumda uchta muhim mavzu muhokama qilindi. Bular – birinchidan, BMTning inson huquqlari sohasi boʻyicha tizimi faoliyatida parlamentning ishtiroki; ikkinchidan, Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilishning ahamiyati; uchinchidan, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaga Qoʻshimcha protokolni ratifikatsiya qilish orqali qiynoqlarni bartaraf etish masalalaridir.

Tadbir davomida xalqaro va milliy ekspertlar BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi va BMT shartnomaviy organlari bilan hamkorlik, Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning bajarilishi hamda milliy preventiv mexanizm salohiyatini kuchaytirish boʻyicha ilgʻor tajribalar xususida soʻz yuritdi.

Forumda asosiy eʼtibor Inson huquqlari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi boʻyicha parlament komissiyasining BMTning inson huquqlari boʻyicha asosiy mexanizmlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish va inson huquqlari sohasidagi tavsiyalarni bajarish borasidagi salohiyatini mustahkamlashga qaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov taʼkidlaganidek, mamlakat parlamenti tarkibidagi mazkur yangi Komissiya Parlamentlararo Ittifoqning 2020-yil 25-sentyabrdagi tavsiyalari doirasida tashkil etilgan. Parlament komissiyasi mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi amalga oshirilishiga koʻmaklashmoqda.

Inson huquqlari sohasida alohida vakolatga ega boʻlgan yangi Parlament komissiyasining tashkil etilishi – Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga sodiqligini tasdiqlaydigan dadil siyosiy qadamdir. Bu amaliy qadam:

birinchidan, mamlakatning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda parlamentning rolini yana-da kuchaytirish va bu borada parlament nazorati samaradorligini oshirish;

ikkinchidan, inson huquqlari sohasidagi milliy siyosatning parlament tomonidan muvofiqlashtirilishini takomillashtirish, parlament Ombudsmani, inson huquqlari boʻyicha milliy muassasalar va fuqarolik jamiyatining inson huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha vakillari bilan oʻzaro hamkorlik va maslahatlashuvlarni kuchaytirish;

uchinchidan, parlamentning inson huquqlari sohasida xalqaro va parlamentlararo hamkorligini faollashtirish, xususan, BMTning shartnomaviy organlari, Parlamentlararo Ittifoqning inson huquqlari boʻyicha tuzilmalari faoliyatida ishtirok etish borasida muhim oʻrin tutadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslar keng jamoatchilik va jahon hamjamiyati tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda, dedi A.Saidov. Bunday ijobiy holat, bir tomondan, Oʻzbekiston davlatimiz rahbari belgilab bergan milliy taraqqiyot yoʻlidan dadil borayotgani, boshqa tomondan, mamlakatimizning xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzi tobora oshayotganidan yana bir yorqin dalolatdir.

Yaqinda, 29-mayda Oliy Majlis Senati majlisida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani (Nyu-York, 2006-yil 13-dekabr) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi muhokama qilindi va tasdiqlandi.

Mazkur Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi Oʻzbekistonda nogironlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha kafolatlar yaratish, qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek nogironlarni ijtimoiy himoya qilish va ular uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash borasida davlat organlarining masʼuliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Markaz direktori qiynoqlar qoʻllanilishiga qarshi kurashish masalasiga ham toʻxtalar ekan, Oʻzbekistonda xalqaro majburiyatlarni, shuningdek BMT ustav va shartnoma organlari tavsiyalarini bajarish doirasida qiynoqlarga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishga ustuvor eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

Qiynoqlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida Yevropa ekspertlari ishtirokida jinoyat qonunchiligida “qiynoqlar” tushunchasini yana-da takomillashtirish, qiynoqlarning oldini olish boʻyicha milliy profilaktika mexanizmini yaratish yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazildi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston parlamenti inson huquqlarini, shu jumladan qiynoqlardan ozod boʻlish huquqini taʼminlash masalasini faol qoʻllab-quvvatlamoqda.

Forumda BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Rishard Komenda ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.

“Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi bilan hamkorlikni izchil kengaytirayotganini hamda Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya va Qiynoqlarga qarshi konvensiyaga Fakultativ protokolni ratifikatsiya qilish va amalga oshirish yoʻlida dadil ish olib borayotganini koʻrib turibmiz, – dedi R.Komenda. – Biz parlamentning inson huquqlari sohasidagi roli mustahkamlanishini qoʻllab-quvvatlaymiz va bu jarayonga fuqarolik jamiyatini yana-da keng jalb etishga chaqiramiz”. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.