Nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar III Respublika savdo yarmarkasi o‘tkazildi

    Ijtimoiy hayot 6 Noyabr 2021 1996

    Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan «ECOBOZOR» savdo majmuasida nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarning savdo yarmarkasi o‘tkazildi.

    Uchinchi marta o‘tkazilayotgan ushbu yarmarka «Biz birgamiz!» shiori ostida Adliya vazirligi hamda Nogironlar jamiyati tomonidan tashkil etildi.

    «Biz birgamiz!» ijtimoiy loyihasining asosiy maqsadi – nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish, ularni jamiyatimizning ajralmas qismi sifatida ruhlantirish hamda kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishdan iboratdir.

    Yarmarkada butun respublikadan 100 ga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zlari tayyorlagan mahsulotlari bilan ishtirok etdilar.

    Ular tomonidan kashtachilik, duradgorlik, zardo‘zlik, tikuvchilik, qandolatchilik kabi xalq hunarmandchiligi yo‘nalishlarida asosan qo‘l mehnati bilan tayyorlangan mahsulotlar omma e'tiboriga taqdim etildi. Yarmarka davomida jami 500 million so‘mlik mahsulotlar xaridorlar tomonidan sotib olindi.

    Tadbir doirasida Adliya vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi, Intelektual mulk agentligi, FHDYo organlari, notariuslar, advokatlar va «Madad» nodavlat notijorat tashkiloti xodimlari tomonidan aholiga sayyor tarzda bepul huquqiy xizmatlar ko‘rsatildi va maslahatlar berildi.

    Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbga tayyorlash, ularga munosib shart-sharoit yaratishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Nogironlar jamiyatining «Tadbirkor ayol» uyushmasi, «Hunarmandlar» uyushmasi, «Vatanparvar» tashkiloti, «Psixologlar assotsiatsiyasi» bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

    Ijtimoiy loyiha xayriya-sog‘lomlashtirish tadbirlariga ulanib ketdi. Yarmarka ishtirokchilari uchun Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida ko‘ngilochar va sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazildi. Ular uchun bepul tibbiy ko‘rik, psixologlar tomonidan esa qiziqarli treninglar tashkillashtirildi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.