Nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga joylashtirishning huquqiy asoslari: Oʻzbekiston tajribasi

    Ijtimoiy hayot 26 Mart 2024 1373

    Joriy yil 26-martda Toshkentda ayni mavzuda davra suhbati oʻtkazildi. Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Oʻzbekiston nogironlar uyushmasi va Qirgʻizistonning “Birdamlik” markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Davra suhbatini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochib berdi.

    Nogironligi boʻlgan insonlar – jamiyatning teng huquqli aʼzolaridir, dedi А.Саидов. Mamlakatimizda ushbu prinsipga qatʼiy amal qilish borasida izchil va tizimli ishlar olib borilyapti. Bunda Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri va shaʼni uchun” prinsipi asosida inklyuziv taraqqiyotni, yaʼni aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega.

    Keyingi yillarda yurtimizda nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini taʼminlash yoʻlida bir qator huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada birinchi marta nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlariga oid normalar alohida moddada belgilandi.

    Shuningdek, “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Oʻzbekiston BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasiga qoʻshildi. Shu tariqa ayni yoʻnalishda mustahkam huquqiy baza yaratildi.

    Yanada muhimi, bugungi kunda izchillik bilan bajarilayotgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimini yaratish istiqbollari ochib berilgan.

    Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini taʼminlashga oid tashkiliy chora-tadbirlar haqida fikr yuritganda, bu sohadagi milliy institutsional tuzilma tubdan isloh etilganini taʼkidlash lozim. Xususan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya boʻyicha milliy agentlik tuzildi.

    Davra suhbatida milliy va xorijiy ekspertlarning maʼruzalari tinglandi. Muloqotlar davomida muhim baholar va amaliy takliflar bildirildi.

    Tadbir yakunida nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga joylashtirish muammosining turli qirralari ochib berilgan bir nechta yangi nashr taqdimoti oʻtkazildi.

    Maʼlumot uchun: Oʻzbekistonda 790 mingdan ortiq nogironligi boʻlgan shaxs rasman roʻyxatga olingan boʻlib, ularning salkam 62 foizi qishloq joylarda yashaydi va taxminan 45 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Nogironligi boʻlgan shaxslarning qariyb 123,9 ming nafari – 16 yoshgacha boʻlgan bolalar, 666,3 ming nafardan ortigʻi – 16 yoshdan oshgan yoshlar, 201,7 ming nafardan ziyodi – pensiya yoshidagi keksalardan iborat.

    Hozirgi kunda mamlakatimizda 300 mingdan ortiq nogironligi boʻlgan inson mehnatga layoqatlidir. Ularning 100 mingdan koʻproq qismi doimiy ish oʻrinlari bilan taʼminlangan.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.