Umuman olganda, 2021-yil nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonala, har doimgidan ham koʻp qoʻllab-quvvatlashga qadam tashlangan yil boʻlmoqda. Dastlab “Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun kuchga kirishi, BMTning nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish uchun qadamlar tashlangani hamda Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident qarori chiqqani mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarga gʻamxoʻrlik qilish umummilliy harakatga aylanayotganining yaqqol ifodasidir.
Bir necha yillar oldin sport bilan shugʻullanayotganimda ragʻbatlash tizimi lozim darajada emas edi. Shuningdek, “Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun kuchga kirgunga qadar nogironligi boʻlgan shaxslar hayotida talaygina muammolar bor edi. Shukurki, Davlat rahbari boshchiligida ushbu muammolar sezilarli darajada kamaydi. Mavjudlari bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Birgina Oʻzbekiston nogiron-amputantlar futboli jahondagi yetakchi oʻrinlardan birini egallab turganligi hech kimga sir emas.
1988-yili mamlakatimizda nogiron-amputantlar futboliga asos solingan boʻlsa, shu vaqt ichida Nogiron-amputantlar terma jamoamiz aʼzolari besh karra jahon chempioni boʻlishdi. Ammo shu paytgacha biror marotaba milliy musobaqa oʻtkazilmagan edi. “Matonat futbol” markazi bilan Respublikamizning barcha viloyatlarida nogironlar toʻp surishi uchun yetarli shart-sharoit yaratish, eng iqtidorli yosh yigit-qizlar bilan esa birgalikda markazda shugʻullanishni niyat qilgan. Hozirgi kunda Jizzax, Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlari hamda Toshkentda jamoalar shakllantirilgan.
Joriy yilning 6-9-mart kunlari Kosonsoy tumanida nogiron-amputantlar oʻrtasida Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba respublika chempionatining birinchi tur musobaqalarini uyushtirildi. Unda respublikamizning turli viloyatlaridan 6 ta jamoada jami 60 nafardan ziyod futbolchilar qatnashib, koʻplab muxlislar eʼtiborini qozondi va qator isteʼdodlarni kashf etdi.
Prezidentning yangi qarori esa shunday eʼtibor bir necha marotaba oshirilishini anglatadi va biz ishonchni oqlashda bor kuch-gʻayratimizni ishga solamiz!
Javlonbek ABDULLAYEV,
Namangan viloyati Xalq deputatlari
Kosonsoy tuman Kengashi deputati.