Nogironligi boʻlgan shaxslarning auksion orqali yer uchastkasi sotib olish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

    Ijtimoiy hayot 24 Mart 2023 1270

    Hukumat qarori (122–son, 23.03.2023-y.) bilan Nogironligi boʻlgan shaxsning va tarkibida nogironligi boʻlgan shaxs bor oilaning elektron onlayn-auksion orqali yer uchastkasini sotib olish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, yer uchastkasini auksion orqali sotib olish xarajatlaridan kelib chiqqan holda, oilasi tarkibida nogironligi boʻlgan shaxslar sonidan qatʼi nazar, BHMning 100 baravarigacha (30 mln soʻmgacha) miqdorda bir martalik toʻlov ajratiladi.

    Bunda xarajatlar ushbu miqdordan yuqori boʻlgan hollarda BHMning 100 baravarigacha (30 mln soʻmgacha) boʻlgan qismi qoplab beriladi.

    Imtiyozli toifadagi shaxslar quyidagi mezonlarga muvofiq kelishi kerak:

    • oxirgi 12 oy davomida oʻzi yoki oila aʼzolari nomida yashash uchun moʻljallangan turar joyi yoki yer uchastkasi mavjud boʻlmasligi;
    • yer uchastkasi oxirgi 3 oy ichida auksion orqali xarid qilingan va Oʻzbekiston hududida boʻlishi;
    • nogironligi boʻlgan shaxs deb topilgan, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ning birida turgan boʻlishi.

    Imtiyozli toifadagi shaxs auksion orqali yer uchastkasi sotib olgandan boshlab 3 oy ichida oʻz hududidagi tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimiga murojaat qilishi lozim (ushbu muddatdan kechikib berilgan arizalar koʻrib chiqilmaydi).

    Mablagʻ ajratish toʻgʻrisida belgilangan tartibda qaror qabul qilingandan soʻng 5 ish kunida imtiyozli toifadagi shaxslarning arizasida koʻrsatilgan bank plastik hisobvaragʻiga mablagʻ oʻtkazilishi taʼminlanadi.