Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari va manfaatlari davlat va fuqarolik jamiyati institutlari himoyasida

    O'zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida nogironligi bo'lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish eng asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda 800 mingga yaqin nogironligi bo'lgan shaxslar istiqomat qilmoqda. Shu jihatdan mamlakatimizda so'nggi yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor berilib, ular uchun har tomonlama imkoniyat yaratish davlat siyosati darajasiga ko'tarildi.

    Bu borada O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi” milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab beradi. “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida olib borilayotgan barcha islohotlar markazida “inson qadri va uning manfaatlari” degan hayotbaxsh g'oya namoyon bo'ladi. Shunga asosan, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar qatorida nogironligi bor shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo'yicha yangi bir huquqiy tizim yaratildi. Unga ko'ra, nogironligi bor shaxslarning huquq va manfaatlari belgilandi. Nogironlik ijtimoiy himoya yoki tibbiyot muammosi emas, balki, birinchi navbatda, inson huquqlari masalasi sifatida ta'riflandi. Jumladan, respublikamiz aholisi tarkibini 100,0 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi bo'lgan bolalar tashkil etishini inobatga olsak, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va mustaqil hayotda o'z o'rniga ega bo'lishi uchun imtiyozlar yaratildi. Ular quyidagi huquqiy hujjatlarda belgilab berildi:

    Birinchidan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentning 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmonning o'ziga xosligi shundaki, “nogironlik belgisi bo'yicha kamsitishga yo'l qo'ymaslik, nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro'yobga chiqarishda teng sharoitlarni va ularni buzganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta'minlash” belgilab qo'yildi. Qolaversa, farmon bilan “Nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar” dasturi tasdiqlandi. Ushbu dasturda 2018/2019 o'quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalariga abiturientlarni qabul qilishning umumiy sonidan nogironligi bo'lgan shaxslar uchun qo'shimcha ravishda ikki foizli kvota ajratish tartibi joriy etildi. Bu kvotalarni oliy ta'lim muassasalari tomonidan shakllantirish vazifasi belgilandi. Shuningdek, oliy ta'lim muassasalariga nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'shimcha kvota asosida o'qishga qabul qilish toifasiga umumiy o'rta ta'lim yoki o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatga hamda I va II guruh nogironligi to'g'risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi ma'lumotnomaga ega shaxslar kirishi belgilandi.

    Ikkinchidan, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 iyundagi Qarori bilan “Oliy ta'lim muassasalariga nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'shimcha davlat granti kvotalari asosida o'qishga qabul qilish tartibi to'g'risida”gi Nizom tasdiqlandi. Ushbu Nizomda oliy ta'lim muassasalariga nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'shimcha davlat granti kvotalari asosida o'qishga qabul qilish tartibi belgilandi. Qolaversa, Oliy ta'lim muassasalariga nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'shimcha kvota asosida o'qishga qabul qilish toifasi belgilandi. Unga ko'ra, umumiy o'rta ta'lim (11-sinf negizida) yoki o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasi (akademik litsey, kasb-hunar kolleji)ni tugatganligi haqidagi hujjatga hamda I va II guruh nogironligi to'g'risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi ma'lumotnomaga ega nogironlar tarkibi belgilandi.

    Uchinchidan, 2020 yil 15 oktyabrda O'zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi Qonuni qabul qilindi. Bu qonun nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishda muhim huquqiy asos bo'ldi. Qolaversa, mazkur qonundagi asosiy yangiligi — bu ilgari O'zbekiston qonunchiligida bo'lmagan “nogironlik belgisiga ko'ra kamsitish” tushunchasi kiritildi. Shuningdek, mazkur qonunning 6-bobida nogironligi bo'lgan shaxslarning ta'lim olishi, ushbu shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish belgilangan. Jumladan, qonunning 38-moddasida “Nogironligi bo'lgan shaxslar barcha darajalardagi ta'lim tashkilotlarida ta'lim olish va o'z qobiliyatini yanada to'liqroq rivojlantirish uchun butun umri davomida ta'lim olish hamda jamiyat va davlat hayotida ishtirok etish huquqiga ega” ekanligi belgilab qo'yilgan.

    To'rtinchidan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 dekabrdagi “Nogironligi bo'lgan shaxslarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko'maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Qarori hamda 2021 yil 23 dekabrdagi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nogironligi bo'lgan shaxslar ishlari bo'yicha idoralararo kengash faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori qabul qilindi. Ushbu qarorlarning amaliy ahamiyati shundaki, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang ravishda nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularni mehnat faoliyatiga keng jalb qilish orqali hayot sifati va darajasini oshirish hamda nogironligi bo'lgan shaxslar uchun yangi ish o'rinlarini yaratish mexanizmlari belgilab berilgan.

    Usmonjon Bo'tayev,

    “Istiqbol” tadqiqot markazi NNT rahbari