Yil boshidan nogironligi borlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryoda 10 foizga koʻpaydi. Bu koʻrsatkich 20 ta tumanda 12 foizdan yuqori.
Qaysi hokim bu masalani ichiga kirib, sabablarini oʻrgandi, degan savolga ijobiy javob yoʻqligi qayd etildi. Respublika boʻyicha 33 ta tumanda nogironligi borlarni reabilitatsiya qamrovi 1 foizga ham yetmasligi tanqid qilindi.
Shu bois soha uchun masʼullar kelgusi yilda reabilitatsiya boʻyicha keskin oʻzgarish qilishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Buning uchun har bir viloyat, tuman shifoxonasida reabilitatsiya xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi. 12 ta nogironlik reabilitatsiya markazida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovi 5 karra oshiriladi.
7 ta tibbiyot oliygohida reabilitatsiya kafedralari ochiladi, professor-oʻqituvchilar Koreya tajribasi asosida qayta oʻqitiladi. Respublika reabilitatsiya markaziga Koreya va Yaponiyadan ekspertlar olib kelinib, mahalliy mutaxassislar malakasi oshiriladi.