Nogironlikni belgilash osonlashtiriladi

    Qonunchilikka koʻra, Toshkent shahri va Navoiy viloyatida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida, nogironlikni belgilashning quyidagi tartibi joriy etiladi.

    Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

    Unga koʻra, fuqarolarga nogironlikni belgilash boʻyicha YAIDXP (my.gov.uz), “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi;

    — tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) koʻrigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini yoʻllash oilaviy shifokorlar tomonidan elektron tarzda amalga oshiriladi;

    — “Inson” markazlari xodimlari tomonidan 18 yosh va undan katta shaxslarning funksionalligini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda baholash natijalari 2025-yil 1-sentyabrgacha nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanmaydi;

    — shaxs sogʻligʻining holatiga koʻra “Inson” markazlariga borish imkoniga ega boʻlmaganda sogʻligʻining holati va funksionallikni baholash shaxsning uyida yoki davolanishda boʻlgan statsionarda oʻtkaziladi;

    — 2024-yil 1-oktyabrdan ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlar tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanadi.