— Nogironlik sabablari va guruhlari, shuningdek, nogironlik boshlangan vaqt va nogironlikning qancha muddatga belgilanishi amaldagi qonun xujjatlariga muvofiq tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) tomonidan aniqlanadi, — deydi U. Nazarmatov. — Oʻn olti va undan katta yoshdagi fuqarolarni koʻrikdan oʻtkazish yashash joyidagi bosh, tumanlararo, tuman (shahar) TMEK tomonidan, fuqaroda mazkur TMEK sohasi boʻyicha alohida kasalliklar mavjud boʻlgan taqdirda tibbiyot muassasasiga biriktirilgan ixtisoslashtirilgan TMEK tomonidan amalga oshiriladi.
Shifokorlar, TMEK xodimlari va ularning yaqin qarindoshlari, shuningdek, qurolli kuchlar katta va oliy zobitlar tarkibi, Davlat bojxona qoʻmitasi, prokuratura, adliya va sud organlari xodimlari, jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinayotgan, ayblanayotgan, sudlangan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hukm qilingan shaxslar oʻrnatilgan tartibda bosh TMEK tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi.
Shu bilan birga, tumanlararo, tuman(shahar) ixtisoslashtirilgan TMEKlar xulosasidan rozi boʻlmagan fuqarolar, ikki marotaba xabar berilishiga qaramasdan qayta koʻrikdan oʻtishga kelmaganligini tasdiqlovchi dalolatnoma asosida nogironlik pensiyasi va nafaqasi toʻxtatilgan shaxslarning tibbiy koʻrigi ham bosh TMEK tomonidan amalga oshiriladi.
TMEKda koʻrikdan oʻtkazishga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, yurtimiz hududida doimiy yashaydigan xorijiy davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, tibbiyot muassasalarining yoʻllanmasiga ega boʻlgan, ushbu TMEKga biriktirilgan 16 va undan katta yoshdagi shaxslar qabul qilinadi.
Tana funksiyasining buzilishi va hayot faoliyatining cheklanganlik darajasiga qarab, tibbiy koʻrikdan oʻtkaziluvchi shaxsga nogironlikning I, II, III guruhi 6 oy muddatga yoki bir hamda ikki yilga belgilanishi mumkin. Shu bilan birga, agar nogironligi boʻlgan shaxsning salomatligini yaxshilash imkoni boʻlmasa, bunday hollarda tasdiqlangan kasalliklar va anatomik nuqsonlar roʻyxatiga muvofiq nogironlik muddatsiz belgilanadi.
Hujjatlar TMEK tomonidan qabul qilib olingan sana nogironlikning boshlanishi hisoblanadi.
Besh qoʻl barobar emas. Baʼzan oʻz nafsini oʻylab, sohada oʻrnatilgan tartib-qoidalarni chetlab oʻtayotganlar ham topiladi. Agar yuqoridagi talablar buzilayotgan, nogironlikni belgilashda muammoli holatlar kuzatilayotgan boʻlsa, fuqarolar bir oy mobaynida bosh TMEKga murojaat qilishlari mumkin.
Ariza tushgandan keyin 3 kun mobaynida tuman, tumanlararo, shahar, ixtisoslashtirilgan TMEKlar qayta tibbiy tekshirish dalolatnomasini bosh TMEKga beradi va shundan soʻng 15 kun mobaynida ariza beruvchini qayta tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi hamda oʻz xulosasini chiqaradi.
Agar fuqaro bosh TMEK xulosasidan ham koʻngli toʻlmasa, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi yoki sudga murojaat qilishga haqli.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati