Nohalol luqma hech qachon birovga yuqmaydi

    Sanoat 15 Aprel 2021 916

    Tovar belgisidan noqonuniy foydalanish bu nafaqat haqiqiy tadbirkor faoliyatiga taʼsir qilib, ishlab chiqarish hajmi pasayishiga, ishchilarga oylik toʻlanishiga, korxona daromadlari pasayishiga olib keladi, balki isteʼmolchi manfaatlariga, ayniqsa, yurtimiz iqtisodiyotiga ham jiddiy zarar yetkazadi.

    Shunday holat yuzasidan Intellektual mulk agentligiga “SILKCOAT PAINTS” MCHJ korxonaga tegishli boʻlgan tovar belgisiga adashtirib yuborish darajasida oʻxshash boʻlgan belgidan qonunga xilof ravishda foydalangan holda qurilish boʻyoqlari, qurilish mahsulotlari ishlab chiqargan huquqbuzar “SILIKON PAINTS” MCHJga nisbatan muallif ruxsatisiz foydalangani yuzasidan murojaat qildi.

    Agentlik tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnomaga binoan Jinoyat ishlari boʻyicha sud tomonidan huquqbuzarga oʻzganing tovar belgisidan, xizmat koʻrsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 177-moddasi 1-qismi bilan jarima jazosi belgilandi.

    Avvalambor har qanday korxona oʻz mahsulotlari va tovar belgisi xalq orasida tanilishi uchun harakat qiladi. Ammo ayrim tadbirkorlik subyektlari oʻz choʻntagi qolib, oʻzgalar choʻntagiga qoʻl solib, daromad koʻrishni istaydi. Afsuski, nohalol luqma hech qachon birovga yuqmaydi. Shunday ekan, tadbirkor oʻz imiji ustida ishlashi, bozor qonun-qoidalari boʻyicha “oʻyin” olib borishi zarur.

    Haqiqiy tadbirkor qonun doirasida faoliyat yuritadi. Aksincha “minalar dalasiga” tushgan zobitday ehtiyotkorona va yurak xovuchlab kimdir noqonuniy faoliyatni fosh qilishini kutib oʻtirmaydi.